Kulgu va hajv: tarixdan zamonaviy makongacha
Kulgu – inson ruhiyatining eng tabiiy va kuchli ifodalaridan biri. U shunchaki kayfiyat ko‘tarish vositasi emas, balki jamiyatdagi muammolarni ochib beruvchi, odamlarni o‘ylashga undovchi va ijtimoiy ongni shakllantiruvchi muhim madaniy hodisa. O‘zbek hajv va kulgu janrlari asrlar davomida sayqallanib, xalqning hayot tarzini, mentaliteti va ichki kechinmalarini aks ettirib kelgan.
Bu borada Muqimiy va Zavqiy ijodi alohida o‘rin tutadi. Ularning satirik asarlari orqali kulgu faqat zavq bag‘ishlash emas, balki jamiyatdagi illatlarni ochib berish vositasiga aylangan. Keyingi davrda esa Hojiboy Tojiboyev kabi san’atkorlar askiya orqali kulguni xalq qalbiga yanada yaqinlashtirdi.
Bugungi kunda ushbu janr an’anaviy sahna va televideniyedan chiqib, YouTube, instagram va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘chib o‘tmoqda. Avvallari komediya, satira, kinoya, sarkazm kabi murakkab janrlar asosida yaratilgan kulgu bugun ko‘pincha sodda va tez iste’mol qilinadigan kontentga aylangan. Xususan, ayrim vaynlarda kulgu kimningdir xatti-harakatini takrorlash, tashqi ko‘rinishini masxaralash yoki yuzaki holatlardan foydalanish orqali yaratilmoqda. Bu esa komediyaning asl mohiyatini, ijtimoiy tanqid va ma’naviy tarbiya vazifasini zaiflashtirmoqda.

Raqamli platformalar komediya yaratishda erkinlikni kuchaytirdi. Endi har kim o‘zini komik sifatida sinab ko‘rishi mumkin. Bu yangi iste’dodlarning yuzaga chiqishiga xizmat qilsa-da, ma’lum qadar professionallik mezonlarining pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Avvallari sahnaga chiqish uchun ijodkor ma’lum tayyorgarlik, bilim va mahoratga ega bo‘lishi zarur edi. Hozir esa qisqa video orqali tez mashhurlikka erishish mumkin. Natijada, ko‘pincha chuqur mazmunga ega bo‘lmagan, vaqtinchalik kayfiyat ulashuvchi kontentlar ko‘paymoqda.
Ko‘p hollarda bunday vaziyatlarda “talabga mos taklif” degan fikr ilgari suriladi. Ammo bu yondashuv biryoqlama. Chunki tomoshabinning didi ham qaysidir ma’noda shakllantiriladi. Bu esa bevosita madaniyat va san’at vakillarining zimmasidagi vazifa.
Yengil-yelpi, masxaralashga asoslangan, ba’zan esa behayo elementlarga ega kulgular qisqa muddatli “dofamin effekti”ni beradi, tez kuldiradi va tez unutiladi. Ammo haqiqiy san’at vaqt sinovidan o‘tib, insonni o‘ylantiradi, tarbiyalaydi va jamiyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kulgu va hajv shunchaki ko‘ngilochar vosita emas, balki jamiyat oynasi, ijtimoiy tanqid va ma’naviy tarbiya qurolidir. Zamonaviy texnologiyalar kulgu janrini yangi bosqichga olib chiqdi, ammo mazmun va sifat masalasini ikkinchi darajaga tushirib qo‘ymaslik ham muhim. Madaniyat vakillari nafaqat tomoshabinga moslashishi, balki uning didini yuksaltirishi, chuqur va mazmunli asarlar yaratishi lozim. Zero, haqiqiy kulgu faqat kuldirish emas, balki anglatish va o‘zgartirish san’atidir.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA