Kuba AQSHning 100 million dollarlik taklifiga javob berdi
Kuba hukumati AQSH tomonidan taklif etilgan 100 million dollarlik insonparvarlik yordamini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirsa-da, bu qaror ortida siyosiy manfaat borligidan shubhalanmoqda.
Orol-davlat tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges ushbu yordam hech qanday shartsiz va Kubaning ichki ishiga aralashishga urinishsiz berilishi kerakligini ta’kidlagan. Ayni vaqtda Vashington joriy etgan neft qamali tufayli mamlakat energetika tizimi og‘ir ahvolga tushib qolgan: orol sharqida ta’minot uzilib, xalq oziq-ovqat va dori-darmon tanqisligiga duch kelgan.
Prezident Migel Dias-Kanel Vashington ham sanksiyani kuchaytirib, ham yordam taklif qilishini “mantiqsizlik” deb atadi va eng katta yordam darhol iqtisodiy cheklovni olib tashlash bo‘lishini eslatdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham AQSHning ushbu harakatini inson huquqini buzuvchi noqonuniy qamal, deb baholadi. Ikki davlat munosabati keskinligicha qolayotgan, AQSH Kuba hukumatini o‘zgartirishga intilayotgan bir payt, Gavana mazkur mablag‘ni faqat yonilg‘i va tibbiy ehtiyoj uchun sarflash sharti bilan qabul qilishi mumkinligini ochiqladi. AQSH mulozimi bilan o‘tkazilgan yashirin uchrashuv esa vaziyat hamon murakkabligidan darak bermoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA