Kovul – serdaromad, shifobaxsh o‘simlik
Qaror va ijro
Jizzax viloyatida davlatimiz rahbarining 2018 yil 20 martdagi “Respublikada kavrak (kovul) plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Kavrak (Capparis spinosa L.) yoki xalq tilida kovul, ba’zi hududlarda kovar deb yuritiluvchi tog‘oldi, qir-adirlik, dashtliklarda tabiiy holda o‘suvchi ushbu o‘simlikni bilmagan kishi bo‘lmasa kerak. Kovuldoshlar oilasiga mansub ushbu o‘simlik, yarim buta shaklida, poya va shoxchalari yotiq, bargi tuxumsimon, guli yirik, oq yoki och pushti, mevasi qizil etli, ko‘p urug‘li bo‘ladi.
Kovul – O‘rta Osiyo, Qrim, Kavkaz, O‘rtayer dengizi va Shimoliy Afrikaning toshloq yerlarida ko‘p tarqalgan. Janubiy Yevropada esa madaniy ekin sifatida ekiladi. Ushbu o‘simlikning mevasida 18 foiz oqsil moddalari, 36 foiz atrofida moy bo‘lib, uning urug‘lari iyul-avgust oylarida pishib yetiladi, undan (asosan janubiy Yevropa, g‘arbiy va janubiy Osiyo hamda shimoliy Amerika davlatlarida) oziq-ovqat mahsuloti sifatida ham keng foydalaniladi.
Tabobatda esa ushbu dorivor o‘simlikning pishgan va xom mevasi, barglari, novda va ildiz po‘stlog‘i ishlatilib, undan turli darmondori va dorivorlar tayyorlanadi.
Tabobat ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino kovuldan ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘l keladigan darmondorilar tayyorlash usullari haqida: “...kovulning eng foydali qismi ildizining po‘stlog‘idir. Yonbosh og‘riqlariga shifodir. Agar kovuldan olingan shira bilan huqna qilinsa, falaj va uvishishga davo bo‘ladi. Iringli yaralar va yallig‘lanishlarni tez tuzatadi. Tuzlangan kovul astma bilan og‘rigan kishilarga foyda qiladi. Ichaklardagi gijjalarni o‘ldiradi. Bavosilga foyda qiladi, shahvoniy quvvatni oshiradi” deya yozib qoldirgan.
Tabiatda kovulning qirqqqa yaqin turi mavjud bo‘lib, yovvoyi holda o‘sadigan ushbu dorivor o‘simlikning mamlakatimizda asosan 3 turi: sassiq kovul, ko‘histon kovuli va shair kovulini ko‘proq uchratish mumkin.
Yovvoyi yoki tabiiy holda O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand viloyatlari, shu jumladan, Jizzax viloyatining Zomin, G‘allaorol, Forish, Sharof Rashidov tumanlaridagi tog‘oldi, qir-adirlik va dasht hududlarida ko‘plab uchraydi.
Lekin ming afsuski, ushbu o‘simlik yildan-yilga ko‘paytirilishi o‘rniga kamayib, hatto ba’zi hududlarimizda yo‘qolib ketmoqda. Buning sababi esa, kovul mevasini terish tartibiga rioya qilinmasdan, mevalarning poyasi bilan qo‘shib yulib olinayotganidan bo‘lsa, ajab emas.
Kovul aslida yer tanlamaydigan o‘simlik, agrotexnikasi ham u qadar murakkab emas va u qadar parvarish, mablag‘ sarf-xarajat, mineral va mahalliy o‘g‘itlar, jo‘yakma-jo‘yak sug‘orishni ham talab etmaydi. Unga qorovullik qilish ham shart emas. Chunki kovul turli parrandayu darranda va o‘txo‘r jondorlardan o‘zini o‘zi o‘tkir tikanchalari va yoqimsiz hid taratishi bilan himoyalanish va, o‘z navbatida, quyoshdan energiya olib, yer tubidan ozuqlanish xususiyatiga ega.
Prezidentimizning 2018 yil 20 martdagi yuqorida nomi aytilgan qarorida O‘zbekiston Respublikasi florasida tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklar zaxiralaridan barqaror foydalanish, jumladan, ayrim dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xomashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish va eksport qilish lozimligi xususida alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Ushbu qaror hamda “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida viloyatning Zomin tumanida ham manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, faoliyat boshlaganiga unchalik ko‘p vaqt bo‘lmagan “Zomin saxovat” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham mazkur dasturga kiritilib, soliqlardan alohida imtiyozlarga ega bo‘ldi.
Korxona xodimlari tomonidan ayni damda 300 gektar yer maydonida kovilning “O‘zbekiston – 20” navi yetishtirilmoqda. Eng muhimi, 50 nafardan ortiq zominlik yosh yigit-qizlar yangi, doimiy va daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
– O‘tgan yili jamoamiz a’zolari 300 tonna dorivor kovul mahsuloti yetishtirishga erishgan bo‘lsak, joriy mavsumda 500 tonna kovul xomashyosi sotishni rejalashtirayapmiz, – deydi “Zomin saxovat” MCHJ rahbari Mirzabek Xidirov. – Viloyat soliq boshqarmasi ko‘magi bilan dastur asosida bankdan 300 million so‘mlik imtiyozli kredit oldik. Ana shu mablag‘lar hisobidan xorijdan kovulni saralab, qoliplaydigan zamonaviy texnologik uskunalar keltirilib o‘rnatildi.
Yaqin kelajakda faoliyatimizni kengaytirib, ushbu dorivor o‘simlikdan sirka, shira kabi qayta ishlangan mahsulotlarni olish niyatidamiz. Bu kengayish hisobiga 80 ta doimiy, 200 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratishni ko‘zda tutayapmiz.
“Davlatimiz rahbarining qarori ijrosini ta’minlayman, kovul plantatsiyalarini ko‘paytirib, mahsulotni qayta ishlab, milliarder bo‘laman, xalqimni kambag‘allikdan olib chiqaman, respublika iqtisodiyoti yuksalishiga o‘z hissamni qo‘shaman”, deguvchi Mirzabek Xidirovga o‘xshagan tadbirkorlar, afsuski, na faqat viloyatda, balki respublikamizda ham barmoq bilan sanarli?!.
[gallery-13887]
Jizzax viloyati maydonining kattagina qismi tog‘oldi, qir-adir va dashtliklardan iborat, minglab gektar ekin ekilmaydigan, sug‘orilmaydigan yerlar mavjud. Respublikamizda bu ko‘rsatgich Jizzaxdagidan 10 barobar ko‘proqni tashkil etadi. Shu yerlarga kovul ekilsa, necha yuzlab fuqarolar doimiy, necha minglab yurtdoshlarimiz mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.
Yildan yilga suv taqchilligi ortib borayotganini, narx-navo, ayniqsa oziq-ovqat mahsulotlari soat sayin ko‘tarilib ketayotganini hisobga olsak, yurtimizda bo‘sh yotgan, sug‘orib bo‘lmaydigan minglab gektar yerlarga suv chiqmaydi, chiqarmoqchi bo‘lsangiz suvning o‘zi yetishmaydi.
Yangi ekilgan kovul 3 yilda hosilga kirib, har gektar maydondan 20 tonnagacha hosil yig‘ishtirib olish imkoniyati mavjud. Agar har gektar kovul mahsuloti eksport hisobida 125 ming AQSH dollari miqdorida samara berishi mumkinligini nazarda tutsak, bu dorivor va shifobaxsh o‘simlikning ulkan xazina manbai ekanligiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Kovul shirasining 1 kilogrammi jahon bozorida 150-200 AQSH dollari miqdorida narxlanishini hisoblasak, kovulchilik bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar ushbu mahsulotni qayta ishlashni yo‘lga qo‘ysa, 5-6 yilda boyib ketishi hech gap emas.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari