Korxonaga kompensatsiya to‘lovi undirib berildi
“UNG PETRO” jamiyati Biznes-ombudsmanga Toshkent shahar hokimligi tomonidan davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan mulki o‘rniga kompensatsiya to‘lovi to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 21 fevraldagi farmoyishiga asosan “UNG PETRO” MCHJning Toshkent shahridagi yer uchastkasida joylashgan 644 metr kvadratdan iborat noturar joy buzib tashlangan.
Fuqarolik kodeksining 206-moddasiga asosan olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanguniga qadar yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 16 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan «Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 43-bandiga ko‘ra, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, kompensatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tegishli markazlashtirilgan jamg‘arma mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan beriladi.
Fuqarolik kodeksning 985-moddasiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek, yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan, boy berilgan foyda zarar yetkazilgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim. «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasida mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni uni yetkazgan shaxs tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq to‘la hajmda qoplanishi kerakligi belgilangan.
Biroq javobgar tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan qonunchilik talablariga rioya qilinmasdan, “UNG PETRO” MCHJga tegishli 8.801.830.000 so‘mlik bino-inshooti buzib tashlanib, jamiyat bilan kelishilmagan holda davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilib, o‘rniga kompensatsiya berilmagan.
Biznes-ombudsman tomonidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga tadbirkor manfaatida kompensatsiya to‘lovlarini undirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritildi. Natijada sudning qaroriga muvofiq, “UNG PETRO” MCHJ foydasiga 8.801.830.000 kompensatsiya to‘lovi undirilishi belgilangan.
Lamiya Xudoyarova,
Biznes-ombudsman devoni Bosh inspektori