Koronavirus dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda...
Bu barcha davlatlarni o‘z chegara hududlarida ehtiyot chora-tadbirlarini ko‘rishini taqozo etayotir.
Xitoyning Xubey provinsiyasi markazi Uxan shahrida tarqalgan koronavirus bilan kasallanganlar soni dunyo miqyosida ortib borayotgani dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan dolzarb muammo. Bu barcha davlatlarni o‘z chegara hududlarida ehtiyot chora-tadbirlarini ko‘rishini taqozo etayotir.
Prezidentimizning 2020 yil 20 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida Jizzax viloyati Yangiobod tumanida ko‘rgazmali maxsus-taktik o‘quv mashqi o‘tkazildi.
Maxsus-taktik o‘quv mashqi qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy, ilmiy, madaniy va turistik aloqalarni inobatga olgan holda Tojikiston Respublikasiga chegaradosh Yangiobod tumanidagi “Qo‘shqand” chegara-bojxona postida o‘tkazildi. Tadbirda viloyat favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash, bojxona boshqarmalari, sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari ishtirok etdi.
Chegara-bojxona postidagi sanitar-karantin punktida o‘tkazilgan mashqlar davomida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olishda tegishli xizmatlar hamkorligi, xalqaro tibbiy sanitariya qoidalarini joriy etish tartibi amalda sinab ko‘rildi. Mashqlarda xavfli yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan shaxslarni aniqlash, birlamchi tashxis qo‘yish hamda bu haqda tegishli xizmatlarga xabar berish, bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va shifoxonaga evakuatsiya qilish, favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan hududlarda nazorat o‘rnatish kabi jarayonlar amalda ko‘rsatib berildi.
– Chegara-bojxona postida tashqaridan kirib kelayotganlarni ko‘rikdan o‘tkazish uchun ikkita sanitar-krantin punkti, vatinchalik izolyatsiya xonasi mavjud, – deydi viloyat sanitariya epidemiologiya osoyishtalik markazi mutaxassisi Zamira Tojiboeva. – Ular tana haroratini kontaktsiz o‘lchaydigan termometr va boshqa tibbiy buyumlar hamda zarur dori vositalari bilan ta’minlangan. Bugungi o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlari yuqumli kasallikning yurtimizga kirib kelishi oldini olishga qaratilgan yana bir samarali ish bo‘ldi.