Koreya ta’mi Toshkentda: diplomatiya dasturxonga ko‘chdimi?
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi hamkorlik haqida gap ketganda, odatda yirik sarmoya, sanoat loyihasi, zamonaviy texnologiya va strategik kelishuv ko‘z oldimizga keladi. Binobarin, ikki davlat munosabatlarining haqiqiy mazmuni faqat davlat rahbarlari uchrashuvlari yoki yirik loyihalar bilan cheklanmaydi. Ba’zan bu yaqinlikni oddiy supermarket peshtaxtasida ham ko‘rish mumkin.
“Korzinka” savdo tarmog‘ida ish boshlagan “K-Food” maxsus burchagi ana shunday tashabbuslardan biri. 14-sentabrdan 11-oktabrga qadar uch filial sinov tariqasida 20 dan ortiq mahsulot taqdim etyapti.
Loyihaning vaqti ham bejiz tanlanmagan. Loyiha 14-sentabr – Seulda O‘zbekiston va Koreya oliy darajadagi sammiti o‘tkazilgan kun ishga tushdi. Bir tomonda davlatlar strategik hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi, ikkinchi tomonda xalqlarimizning kundalik hayotiga bevosita daxldor kichik, ammo mazmunli tashabbus paydo yo‘lga qo‘yildi.
Bu g‘oyaning “UzFood-2026” xalqaro ko‘rgazmasida paydo bo‘lgan. Koreya Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon aytishicha, aynan o‘sha tadbirda iste’molchilarimizning koreys mahsulotlariga jiddiy qiziqishi loyihaga turtki bergan.
G‘oya iste’molchi qiziqishidan tug‘ildi

– Janob Elchi, K-Food maxsus burchagini tashkil etish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
– “UzFood-2026” xalqaro ko‘rgazmasi davomida mahalliy iste’molchilarning koreys oziq-ovqat mahsulotlariga qiziqishi nihoyatda yuqori ekanini shaxsan kuzatdim. Shuning uchun KOTRA va Koreya Eksport-import bankiga Korzinka savdo tarmog‘ida koreys oziq-ovqat mahsulotlari uchun maxsus burchak tashkil etish taklifini bildirdim. Bugun ushbu g‘oya amaliy loyihaga aylanganidan mamnunman.
– Namoyishda faqat koreys ramyoni emas, balki rang-barang mahsulotlar bor. Tanlov atay kengaytirildimi?
– Albatta. Ramyonni ko‘pchilik yaxshi biladi. Binobarin, koreys taomlari juda xilma-xil. Shuning uchun peshtaxtadan turli shirinliklar, dengiz mahsulotlari, salat va souslar ham o‘rin olgan. Yaqin kunlarda Koreyadan turli yangi meva keltirish rejalashtirilgan.
Oziq-ovqat ham madaniy ko‘prik bo‘la oladi
Koreya madaniyati ayniqsa yoshlarimiz orasida ommabop. Koreys filmlari, atir-upasi va ta’limiga qiziqish endi oziq-ovqat orqali yana bir yangi yo‘nalish bilan to‘ldi. Demak, ahamiyat mahsulot sotuvi bilan cheklanmaydi.
– Janob Von Do Yon, ma’ruzangizdagi bir fikr e’tiborimizni tortdi: xalqlar o‘rtasidagi bevosita yaqinlik davlatlar aro aloqalar kabi dolzarb. Bu jarayon hamkorlikda qanday ta’minlanadi?
– Davlatlar, hukumatlar sherikligi juda muhim, albatta. Shu bilan birga xalqlar, oddiy insonlar o‘rtasidagi bevosita almashinuv, o‘zaro yaqinlik ham bundan kam ahamiyatga ega emas. Oziq-ovqat orqali boshqa xalq madaniyatini his qilish mumkin. Biror yurt taomini tatib ko‘rar ekan, insonda shu elning madaniyati, kundalik turmushiga ham qiziqish ortishi tabiiy. Shu ma’noda “K-Food” Koreya va O‘zbekistonni yanada yaqinlashtiradigan ajoyib ko‘prik bo‘lishiga ishonaman.
– Demak, bu shunchaki savdo loyihasi emas?..
– Hukumatlar darajasidagi kelishuvlar, yirik iqtisodiy loyihalarni oddiy odamlar hayotida aks ettirish juda muhim. Men uchrashuv va tadbirlarda davlat rahbarlariga hamroh bo‘lib, bir jihatga shaxsan guvoh bo‘ldim: Prezidentlarimizning maqsadi va intilishlari bir-biriga hamohang. Har ikki davlat yetakchisi o‘z xalqi farovonligi va manfaatini ustuvor biladi. Shu nuqtai nazardan ayni tashabbuslar yirik davlatlar aro g‘oyalarni kundalik hayot bilan bog‘laydi.
– Sinov iste’molchi qiziqishini oshirsa loyiha yanada kengayadimi?
– Loyiha kelajagini iste’molchi belgilaydi. Hozircha koreys mahsulotlariga talab bor. Qiziqish yanada kuchayishi kompaniyalarimiz uchun O‘zbekiston bozorida keng imkoniyat mavjudligini ko‘rsatadi. Tashabbusimiz kelgusida ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishidan umidvormiz.
Muhimi – iste’molchining javobi
Korzinka Bosh direktori Pedro Martino ham loyihaning asosiy mezoni sifatida xaridorlar qiziqishini ko‘ryapti.

– Janob Martino, loyihani boshqa filiallarda ham joriy qilish uchun eng muhim mezon nima?
– Bizda tashabbusni kengaytirish imkoni bor, chunki loyiha xaridorlarimiz ehtiyoji bilan mos kelishiga ishonamiz. Biz uchun eng muhimi – iste’molchining asl munosabatini ko‘rish.
Bu faqat ikki kompaniya yoki ikki hukumat hamkorligi emas
Martinoning fikricha, ushbu hamkorlikning ahamiyati faqat tijoriy natija bilan cheklanmaydi. U mazkur tashabbusni ikki mamlakat sherikligining kundalik turmushda namoyon bo‘layotgan amaliy misoli sifatida baholadi.
– Sizningcha, “K-Food” davlatlar aro yoki yirik biznes loyihasidan qanday farqlanadi?
– Menimcha, bu O‘zbekiston – Koreya do‘stligi nimalarga qodirligini ko‘rsatadigan aniq misol. Bunday tashabbuslar oddiy fuqarolarimizni bir-biriga yaqinlashtiradi. Oziq-ovqat har qanday mamlakat madaniyatining muhim bo‘lagi. Boshqa xalq madaniyatini taom orqali his etish juda ta’sirchan tajriba. Biz Koreyani xaridorlarimizga aynan shu yo‘l bilan yaqinroq tanishtirish istagidamiz.
Eng qiziq auditoriya – yoshlar
Har qanday madaniyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblangan yoshlar uchun “K-Food” qulay imkoniyat yaratadi. Martino ayniqsa yosh avlod endi koreys mahsulotlarini oson xarid qila olishini ta’kidladi.
– Nima deb o‘ylaysiz, eng ko‘p qiziqish qaysi toifadan bo‘ladi?

– Menimcha, yoshlardan. Ular Koreyani yaqindan kuzatib boradi. Umid qilamanki, loyihamiz muvaffaqiyat qozonadi va kelajakda hamkorligimiz yanada kengayadi.
Xullas, “K-Food” maxsus burchagi oddiy savdo tashabbusidan ko‘ra kengroq ahamiyat kasb etadi. Zero, davlatlar aro yirik kelishuvlar odamlar hayotida shunday kichik, ammo ta’sirchan qadamlar orqali ham namoyon bo‘lishi mumkin. Koreya mahsulotlari orqali yangi ta’mlar kashf etilar ekan, ikki xalq o‘rtasidagi qiziqish, muloqot va yaqinlik uchun yana bir eshik ochilmoqda.
Musulmon Ziyo,
O‘ktam Hayitov (surat),
O‘zA