Kontrafakt dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti vakillari bilan hamkorlikda Vobkent tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda nazorat ostiga olingan dorixonalardan birida farmatsevt xodim tegishli hujjatlarsiz, kelib chiqishi noma’lum hamda sifati tasdiqlanmagan dori vositalarini shartli xaridorga sotish jarayonida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng dorixona xolislar ishtirokida atroflicha ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida umumiy qiymati qariyb 48 million so‘m bo‘lgan 44 turdagi, jami 1849 dona dori vositalari kirim hujjatlarisiz hamda sifati kafolatlanmagan holda saqlanayotgani aniqlandi.

Hozirgi vaqtda aniqlangan barcha dori vositalari vaqtincha saqlovga olingan bo‘lib, holat yuzasidan belgilangan tartibda protsessual tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan tegishli huquqiy choralar ko‘rilishi belgilangan.

Bu kabi nazorat tadbirlari aholiga yetkazilayotgan dori vositalarining xavfsizligi va sifatini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.