Konstitutsiya – tadbirkorlikrivoji kafolatidir
Mamlakatimizda Uchinchi renesans poydevoriga tamal toshi qo‘yilayotgan bugungi kunda turli yoshdagi va kasbdagi hamyurtlarimizning butun diqqat-e’tibori yurtimizda kechayotgan navbatdagi muhim siyosiy jarayon – yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumga qaratilgan. Ushbu loyihaning umumxalq muhokamasi davomida hamyurtlarimizdan ularning xohish- irodasi bildirilgan 220 mingdan ortiq o‘rinli taklif va qo‘shimchalar ilgari surilganligi esa O‘zbekistondagi turli millat va elat vakillari o‘zlari umrguzaronlik qilayotgan bepoyon Vatan, uning bugungi va ertangi kuniga befarq emasliklarini, zotan, mamlakat rivoji va istiqboli hamyurtlarimiz va ular farzandlarining manfaatlari va himoyasi bilan mushtarak ekanligini ko‘rsatib turibdi.

Keyingi yillarda yurtimizda neki tub o‘zgarishlar ro‘y bergan bo‘lsa, barchasida hech shubhasiz mahalliy tadbirkorlarning munosib hissasi bor. Qonun loyihasi muhokamasi davrida ular tomonidan bildirilgan yoki dil tubida anchadan beri tashvishga solib kelayotgan qator taklif va mulohazalar yangilanayotgan Konstitutsiya normalarida, bir qator bob, bo‘lim va moddalarda o‘z aksini topganidan hamkasblarimiz bugun mamnuniyat hosil qilmoqda. Sababi esa ayon, barcha sohalar va tarmoqlar qatori yurtimizda endilikda kichik va o‘rta biznes hamda xususiy tadbirkorlik vakillarining ham yo‘llari oydin, buguni va ertasi porloq, yuzi-yurug‘dir.
Darhaqiqat, qonun loyihasida davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, halol raqobat uchun zarur shart-sharoitlar yaratishi bo‘yicha majburiyatlar belgilangan. Shu tariqa barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni mustaqil tanlashi va amalga oshirishga haqli ekanligi kafolatlanyapti. Mol-mulk, uy-joy daxlsizligi masalasining Bosh Qomusimizda belgilanayotgani tadbirkorlar uchun ayni muddaodir. Chunki, mol-mulk daxlsizligining yuksak darajada kafolatlanishi ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni rag‘batlantiradi.
Serqirra faoliyatimizning qonun yo‘li bilan himoya qilinayotganligi, har tomonlama pishiq-puxta ishlab chiqilgan Konstitutsiya darajasida muhofaza etilishi esa (qonun loyihasining 65-67 moddalarida bu haqida batafsil so‘z yuritilgan) meni va barcha hamkasblarimizni el-yurtimiz farovonligi, dasturxon to‘kinligi, mamlakatimiz rivoji yo‘lida yangi marralarni zabt etishga ruhlantirib turibdi.
Bosh Qomusimizni qabul qilish munosabati bilan o‘tkaziladigan referendum nafaqat tadbirkorlarimiz, balki bunyodkor xalqimiz xohish- irodasini butun dunyoga baralla e’lon qilishi bilan ahamiyatlidir.
Mehnat jamoamiz va oilam a’zolarim bilan birga joriy yil 30 aprelda o‘tkaziladigan umumxalq referendumida faol ishtirok etib, o‘z fuqarolik pozitsiyamizni namoyon etish - qalb da’vatimizdir. Barcha yurtdoshlarimizni ham bunga da’vat etaman.
Komiljon Ro‘ziyev,
Osiyo-Okeaniya Kurash Konfederatsiyasi prezidenti,
xususiy tadbirkor, O'zLiDeP faoli
O‘zA