“Ko‘ngil ekologiyasi” rasmlar tanlovi
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Toshkent davlat transport universitetida “Ko‘ngil ekologiyasi” shiori ostida rasmlar tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirokchi yoshlar tabiatni asrab-avaylash, o‘simlik va hayvonot olamini asrash hamda ekologik madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan suratlar chizib, o‘z iqtidorini namoyish etdilar. Eng muhimi, ijodkorlar ushbu rasmlar orqali ekologiyaga munosabatini ifodaladilar.
Tanlovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari Dildora Kamolova hamda Oybek Otamurodov va boshqalar so‘zga chiqib, ekologik muammolar avj olib borayotgan ayni paytda yosh avlod vakillarining ekomadaniyatini yuksaltirish muhimligini ta’kidladilar.

Tanlovda Toshkent shahridagi 15 dan ziyod oliy ta’lim muassasasidan jami 100 dan ortiq talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tomonidan atrof-muhitni asrashga undovchi, ekologik madaniyatni yuksaltirishga sabab bo‘luvchi, estetik zavq ulashadigan suratlar yaratilib, taqdim etildi. Ular yaratgan ijodiy rasmlar tomoshabinni tabiat tarovatini his qilish, uni asrab-avaylash, tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga undaydi.
M.Komilova, O‘zA