Ko‘mir bozoridagi yangi tartib aholiga qulaylik yaratadi
Qish mavsumida aholini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash, bozorda raqobatni kuchaytirish va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi tizim joriy etildi. Unga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar mycoal.uz platformasi orqali xarid qilingan ko‘mir uchun 600 ming so‘mgacha kompensatsiya olishi mumkin.
Bu haqda “O‘zbekko‘mir” AJ marketing va mahsulot yetkazib berish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ko‘chimov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi. Xususan, bu yil 5,7 million tonna ko‘mir qazib chiqarish va iste’molchilarga 7 million tonna yetkazib berishni rejalashtirgan. Shundan 1 million 530 ming tonnasi aholi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.
15-oktabr holatiga ko‘ra, birja savdolariga aholi uchun 476 ming 445 tonna ko‘mir chiqarilgan. Tadbirkorlar 319 ming 850 tonna ko‘mir xarid qilgan. Shartnomalar asosida konlardan 48 ming 127 tonna mahsulot yuklab jo‘natilgan, 30 ming 532 tonnasi qabul qilib olingan. mycoal.uz orqali aholiga sotilgan ko‘mir hajmi 19 ming 185 tonnani tashkil etgan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyuldagi “Ko‘mir sanoatida bozor mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ko‘mir ta’minotining yangi tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, yangi tizimda “O‘zbekko‘mir” AJ ko‘mir qazib chiqarish, birja savdolariga chiqarish va xarid qilingan mahsulotni konlardan yuklab jo‘natishga mas’ul. Hokimliklar hududlar ehtiyojini o‘rganish va ta’minotni muvofiqlashtiradi, tadbirkorlar esa ko‘mirni saqlash, tashish va iste’molchilarga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Fuqarolar esa ko‘mirni mycoal.uz interaktiv portali va mobil ilovasi orqali buyurtma qilishi mumkin. Bu orqali ular hududdagi takliflarni o‘rganib, narx va sifatga qarab yetkazib beruvchini tanlaydi.
Hozirga qadar hududiy hokimliklar tomonidan ko‘mir yetkazib berish uchun 81 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxati shakllantirilgan. Har bir hududda kamida uchta tadbirkor faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali aholiga narx va xizmat shartlarini taqqoslab, o‘ziga maqbul yetkazib beruvchini tanlash imkoniyati yaratilmoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga platforma orqali xarid qilingan har bir tonna ko‘mir uchun 300 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi. Bir oilaga bir taqvim yilda beriladigan mablag‘ 600 ming so‘mdan oshmaydi.
Kompensatsiya 2026–2027-yillarda amal qiladi. Uni olish uchun alohida ariza topshirish shart emas: xarid ma’lumotlari avtomatik ravishda tegishli axborot tizimiga uzatiladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi oilaning Ijtimoiy reyestrga kiritilganini tekshirib, to‘lov oluvchilar ro‘yxatini shakllantiradi. Mablag‘lar kompensatsiya tayinlangan oydan keyingi oyning 4–27-sanalarida moliyalashtiriladi. “Xalq banki” esa to‘lov oyining 5–27-sanalarida pulni oilaning ijtimoiy yoki bank plastik kartasiga o‘tkazadi.
Ko‘mir sifati, miqdori, narxi yoki yetkazib berish muddati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, fuqarolar tadbirkor yoki mahalliy hokimlikka murojaat qilishi mumkin. Narxlarni asossiz oshirish va ortiqcha ustamalar qo‘llash holatlari bo‘yicha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga xabar berish mumkin.
Maqsad aholiga qulaylik, ehtiyojmandlarga esa tanlov imkoniyatini kengaytirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qishki xarajatlarini yengillashtirishdir.
A.Musayev,O‘zA