Kombinatda lokomotiv va vagonlar bosqichma-bosqich yangilanyapti
Navoiy kon-metallurgiya kombinati Shimoliy kon boshqarmasining Temir yo‘l transporti boshqarmasiga yuqori texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan yangi magistral teplovoz olib kelindi.
Bugungi kunda boshqarmada yuk tashish jarayonida 18 ta teplovoz va 514 ta vagondan foydalanilmoqda. 2026-yilda “Qoqpatas va Dovg‘istov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbati)” investitsion loyihasi doirasida 3 ta teplovoz va 60 ta vagon keltirilishi rejalashtirilgan.

– Qozog‘istonning “Lokomotiv qurish zavodi” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy teplovoz ta’mirlashning qulayligi bilan ajralib turadi, – deydi Temir yo‘l transporti boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Ro‘ziqulov. – Shuningdek, teplovoz yoqilg‘i tejamkorlik ko‘rsatkichlari, uzoq muddat foydalanish, mashinistning hushyorligini nazorat qilish tizimining mavjudligi hamda mahalliy iqlim sharoitlariga mos keladigan texnik ko‘rsatkichlari bilan temir yo‘l transporti bo‘yicha barcha qoida, me’yor va yo‘riqnomalar talablariga to‘liq javob beradi. Vagonlar tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi doirasida kombinat ehtiyojidan kelib chiqib, Andijon mexanika zavodida tayyorlangan.

Korxona moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, texnika parkini yangilash bo‘yicha olib borilayotgan bu kabi ishlar kombinatda qimmatbaho metall ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri