Kollej va korxona hamkorligi
Namanganda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Namanganda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari hamda ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.Namangan muhandislik-pedagogika instituti tashabbusi bilan viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Bunda aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, xotin-qizlar, kollej bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilayotgan e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratildi, – deydi Namangan muhandislik-pedagogika instituti prorektori Anvar Sharipov. – Jumladan, 2016-yilda oliy o‘quv yurtlari va kollejlarning 510 mingdan ortiq bitiruvchisini ish bilan ta’minlash va bu borada amalga oshiriladigan dasturiy vazifalar aniq belgilab berildi. Bunda o‘quv yurtlari, ish beruvchilar, bandlik markazlarining yaqin hamkorligi muhim ahamiyatga ega.
O‘tgan yili viloyatda 75 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilib, kasb-hunar kollejlarini bitirgan 39 mingdan ortiq yigit-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagini bildirgan 800 dan ziyod bitiruvchining biznes loyihasi tijorat banklarining 12,4 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i bilan moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. 2015-2016 o‘quv yilida ham 38 mingga yaqin yoshlar kasb-hunar kollejlarini bitirib, mutaxassislik diplomiga ega bo‘ladi. Ayni paytda ularni doimiy ish bilan ta’minlash bo‘yicha to‘rt tomonlama, ya’ni bitiruvchi, kollej, korxona, hokim o‘rtasida shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Hududlarda “Bitiruvchi shtabi” tashkil etilgani, amaliyot o‘tayotgan har besh o‘quvchiga bir tajribali mutaxassis biriktirilgani va amaliyot davomida namuna ko‘rsatgan bitiruvchilar rag‘batlantirilib borilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Bitiruvchilarning huquqiy va iqtisodiy bilimini yanada oshirish maqsadida qator tashkilotlar hamkorligida o‘quv mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.
“Dambog‘ poyabzal savdo”, “Namangan momiq sochiqlari”, “Istiqlol dizayn markazi” kabi bir qator ishlab chiqarish korxonalari vakillari seminar-trening ishtirokchilari bilan istiqbolli loyihalar tuzish va ularni ro‘yobga chiqarishning tashkiliy, iqtisodiy va huquqiy jihatlari bo‘yicha ham fikr almashdi.