Kitob — millat ma’naviyatining ko‘zgusi
Sirdaryoda yana bir ma’naviyat bayrami boshlandi. Alisher Navoiy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tantanali ravishda ochildi. Bu tadbir shunchaki rasmiy anjuman emas, u jamiyatni kitob atrofida birlashtirishga qaratilgan muhim ma’rifiy harakatdir.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan mas’ullar kitobxonlikni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar. Sirdaryo viloyat hokimining maslahatchisi G‘aybulla Yusupov kitob mutolaasi inson tafakkurini charxlaydigan, jamiyat taraqqiyotini tezlashtiradigan asosiy omillardan biri ekanini qayd etdi.

Tadbirda ishtirok etgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Murod Xaitov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi rahbari Aziz Rahmonov, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Anorqul Boybekov hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limi vakili Adham Jo‘rayevlar so‘zga chiqib, kitob — ma’naviyat manbai, millat taraqqiyotining asosiy omili ekanini alohida urg‘uladilar.
Markaz foyesida tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi tadbirning eng jonli nuqtalaridan biriga aylandi. “Yilning eng ko‘p o‘qilgan kitoblari”, “Milliy va jahon adabiyoti durdonalari”, “Yoshlar sevgan kitoblar” kabi yo‘nalishlarda namoyish etilgan asarlar kitobxonlarning qiziqishi va didi qanchalik keng ekanini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, “Tuproqlar tilga kirganda” nomli kulolchilik ko‘rgazmasi adabiyot va san’at uyg‘unligini namoyon etdi.

Zamonaviy yondashuvlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Kitob targ‘ibotiga qaratilgan buktreylerlar, virtual ko‘rgazmalar va videolavhalar orqali kitobxonlikni targ‘ib qilish yangi bosqichga ko‘tarilayotgani sezildi. Bu esa raqamli davrda kitobga bo‘lgan munosabat ham yangicha shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Tadbir doirasida “Madrahim Qosimov” MCHJ tomonidan turli janrdagi — badiiy, ijtimoiy-siyosiy va sohaviy adabiyotlar savdosi tashkil etildi. Shuningdek, “Qadrdon kutubxonamga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi yo‘lga qo‘yilib, unda ishtirok etgan mehmonlar va tashkilotlar rahbarlari tomonidan axborot-kutubxona markazi fondiga ko‘plab yangi kitoblar taqdim etilmoqda. Ushbu xayrli tashabbus hafta davomida kutubxona fondini boyitishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.

“Kitobxonlik haftaligi” doirasida xalqaro hamkorlik aloqalari ham namoyon bo‘ldi. Jumladan, Norvegiya davlatidan tashrif buyurgan mehmonlar uchun markaz bo‘ylab maxsus ekskursiya tashkil etildi. Mehmonlar kutubxonaning zamonaviy infratuzilmasi, elektron resurslari, kitob fondi va o‘quv zallari bilan tanishib, ko‘rsatilayotgan xizmatlarga yuqori baho berdilar. Ular o‘z taassurotlarini taklif va mulohazalar kitobiga iliq fikrlar bilan yozib qoldirdilar.
Haftalik doirasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kitobxonlar dueli” esa tadbirga alohida jon kiritdi. Bahs “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob” va “Buyuk mutafakkir va adib” kabi shartlar asosida o‘tkazildi. Eng muhimi, yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan bu bellashuv nafaqat bilimlar sinovi, balki fikrlash tezligi, hozirjavoblik va adabiyotga muhabbatni namoyon etuvchi maydonga aylandi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, Ibrohim Halimjonov 1-o‘rinni, Alisher G‘ofirov 2-o‘rinni, Elbek Eshqulov esa 3-o‘rinni egalladi. Mazkur bellashuv yoshlarning adabiy bilimlarini sinash, tez fikrlash qobiliyatini oshirish va kitobga bo‘lgan muhabbatini mustahkamlashga xizmat qildi.
Qayd etish joizki, Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shahar axborot-kutubxona markazlarida ham VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning ochilish tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi. Ularda mahalliy hokimliklar vakillari, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etib, kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Umuman olganda, “Kitobxonlik haftaligi” nafaqat ma’rifiy tadbir, balki jamiyatni ma’naviy yuksalishga chorlovchi muhim ijtimoiy harakat sifatida ahamiyat kasb etmoqda. Bu kabi tashabbuslar orqali kitob — inson kamolotining eng ishonchli yo‘ldoshi ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Savol tug‘iladi: raqamli texnologiyalar asrida kitob o‘z o‘rnini saqlab qola oladimi? Sirdaryodagi bu haftalik shunga aniq javob beradi — ha, agar unga bo‘lgan e’tibor, muhabbat va targ‘ibot shu tarzda davom etsa, kitob hamisha ma’naviyat ustuni bo‘lib qolaveradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri