Xatolarni tan olish payti keldi!
Uinston Cherchill “Siyosatchi erta va indin qanday voqealar yuz berishini bashorat qila olishi, undan keyin esa ayni shu voqea nima uchun sodir bo‘lmaganini tushuntirib bera olishi lozim”, degan ekan...
Uinston Cherchill “Siyosatchi erta va indin qanday voqealar yuz berishini bashorat qila olishi, undan keyin esa ayni shu voqea nima uchun sodir bo‘lmaganini tushuntirib bera olishi lozim”, degan ekan...
Kuni kecha O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi, uzoq yillar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat olib borgan taniqli huquqshunos Nuriddin Murodov o‘zining “facebook”dagi sahifasida “Tadbirkorlik sohasi nega biz kutganimizdek rivojlana olmadi?” sarlavhali maqolasini e’lon qildi.
“– Buning sabablari ko‘p, lekin, asosiy sabablardan bir quyidagicha, - deb yozadi muallif. – Masalan, ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorga nechta ish o‘rni yaratasan deymiz. Aslida belgilangan soliqni to‘la va tadbirkorligingni rivojlantir, deyishimiz kerakmasmi?
Tadbirga tadbirkor qancha homiylik qildi, hamma mablag‘ davlat budjetidan ketmasin, deymiz. Vaholanki, bu tadbir budjet xarajatlarida yoki boshqa smetada nazarda tutilmagan ekan, nima qilasan, tadbir qilib, degan savolni bermaymiz. Ba’zan mablag‘i bo‘lmasa-da, hokimlik yoki boshqa davlat tashkiloti turli tadbirlar va hokazolarda avtomobil yoki qimmatbaho sovg‘alar ulashadi, hokimning topshirig‘i emas, tadbirkorning homiyligi deb rasmiy yoki norasmiy ma’lumot berilmaydi. Gapirsa, gap ko‘p..
Albatta, hali hamon jamiyatimizda tadbirkorga qarash, mas’ullarning tadbirkorga nisbatan dunyoqarashi o‘zgarman (o‘zgarmagan demoqchi muallif).
Davlat va jamiyat rivoji oxir-oqibat tadbirkorlikning qay darajada taraqqiy etganiga ham bevosita bog‘liqligini tan ola bilmayapmiz, hali beri bu qarash o‘zgarmaydi ham, negaki, bu sohada eski tizim qolipidan chiqa olmayapmiz. Markazlashgan, kuchli vertikal, yig‘ilishlar, majlislar, topshiriqlar, turli Dasturlar asosida boshqariladigan tizim ichidamiz. Mas’ullarning so‘zi qonun degan tizim hamon amalda.
Mahalla ← tuman ← viloyat ← respublikadan beriladigan ko‘rsatmalar asosida boshqariladigan mexanizmda tadbirkorning o‘rni qanday?
Ko‘p hollarda majburiy ixtiyoriy homiylik, yig‘ilishlarni to‘ldirib turadigan, markazdan kelgan mas’ul shaxslarning xizmat safarlari jarayonida ovqatlanish minimumini ko‘taradigan sub’ekt hamda sektorlar rahbarlarining beminnat yordamchilari...
Mas’ul va mansabdor shaxslarning topshirig‘i hali qonun degani emasligini qachon anglab yetamiz?
Topshiriq, bu – qonun doirasida beriladigan ko‘rsatma, qonun esa topshiriqqa asos bo‘luvchi huquq normasidir.
Huquq esa davlat tomonidan belgilangan yoki tasdiqlangan umumiy majburiy ijtimoiy normalar tizimi.
Tadbirkorlik sohasini bevosita huquq boshqaradigan aqlli tizim, tadbirkor va davlatning munosabati faqat va faqat soliqlar asosida hamda xususiy sherikchilikka asoslanmas ekan, biz kutgan natija bo‘lmaydi.
Nuriddin Murodov
Bunday fikr boshqa ekspertlar xulosalarida ham o‘rin olganini inobatga olsak, N. Murodovning ushbu masalani chuqur o‘rganib, so‘ngra xulosa chiqarganiga ishonch hosil qilish mumkin.
Muallif o‘z maqolasida “Markazlashgan, kuchli vertikal, yig‘ilishlar, majlislar, topshiriqlar, turli Dasturlar asosida boshqariladigan tizim” hamda “mas’ullarning so‘zi qonun degan tizim”ning hamon amalda ekani tadbirkorlar uchun eng katta muammo bo‘lib qolayotganiga, tadbirkor “markazdan kelgan mas’ul shaxslarning xizmat safarlari jarayonida ovqatlanish minimumini ko‘taradigan sub’ekt”ga aylanib qolganiga e’tibor qaratganini ta’kidlash joiz.
O‘zLiDePning mas’ul xodimi chindan ham tadbirkorlarning bugungi holatini real mulohazalar asosida ochib berishga harakat qilgan.
Garchi ushbu maqola chuqur tahlillar asosida tayyorlangan bo‘lsa-da, ammo zukko o‘quvchida haqli bir savol tug‘ilishi mumkin. Birinchidan, muallif ta’kidlaganidek, tadbirkorlar oldidagi ushbu muammolar ming-minglab ishbilarmon yurtdoshlarimiz faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan ekan, shu kungacha uni bartaraf etish uchun qanday choralar ko‘rildi?
Ushbu choralar qaysi mutasaddi idora tomonidan ko‘rilishi kerak edi? Savdo-sanoat palatasimi, Adliya vazirligi yoki siyosiy partiyalar tomonidanmi? Partiyalar tomonidan bo‘lsa, ushbu muammo qaysi partiya tomonidan kun tartibiga qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi?
Ikkinchidan, tadbirkorlar muammosini hal etishga mas’ul bo‘lgan idora yoki siyosiy partiya aynan ushbu masalalar yuzasidan qanday choralar ko‘rdi?
Yana bir muhim masala. Mas’ullarning so‘zi qonun degan yozilmagan “qoida”lar mavjud ekanini og‘riqli muammo sifatida kim ko‘tarib chiqishi, ya’ni bu haqda bong urish kerak edi? Ommaviy axborot vositalarimi, siyosiy partiyalarmi yoki deputatlarmi?
Nuriddin Murodov qayd etganidek tadbirkorlik masalasida “Gapirsa gap ko‘p”. Ammo savollar ham oz emas...
Ko‘tarilgan mavzu chindan ham dolzarb. Shuning uchun ham maqola yuzasidan ko‘plab izohlar qoldirilgan. Xususan, Norqobil Jalilov ismli fuqaro “Yashang, Nuriddin aka, zo‘r qalampir bo‘pti o‘ziyam, kerakli joyga bosish kerak faqat, keyin ko‘radi” deya izoh qoldiribdi. Ammo ushbu izoh (post)ni sharhlashga urinmadik. Chunki uni Nuriddin Murodov maqolasi bilan bog‘lovchi biron nuqta ko‘rmaganimiz bois, balki izoh egasi biron hajviy chiqishga munosabat bildirmoqchi bo‘lganu, bilmay Nuriddin Murodovning tugmasini bosib yuborgan, degan fikr keldi xayolimizga.
Boshqa bir yurtdoshimiz esa ushbu masalani partiyaning saylovoldi Dasturiga kiritish taklifini bildiribdi. Ammo O‘zLiDeP faollari, partiyaga xayrixoh bo‘lgan tadbirkorlar, partiyaning tuman, shahar va viloyat kengashlari deputatlari, BPT yetakchilari va a’zolari, mafkura fronti askarlari, parlamentdagi fraksiya a’zolari, boringki, hududlar manfaatini himoya qilayotgan va partiya nomi bilan ish olib borayotgan senatorlargacha ushbu masala partiya ta’sis etilgan dastlabki kunlardanoq saylovoldi dasturlariga kiritilgan, degan fikrni inkor etmasalar kerak.
Chunki partiya mana 16 yildirki tadbirkor va ishbilarmonlarning aynan shunday og‘riqli masalalarini hal etish haqidagi chaqiriqlari bilan saylovchilar e’tiborini tortib kelayapti.
N.Murodovning nafaqat saylovchilar, balki iqtisodchilaru, tadbirkorlarda ham birdek qiziqish uyg‘otgan maqolasi ayni saylovoldi munozaralari qiziyotgan paytda e’lon qilinganida ham ramziy ma’no bor, deb o‘ylaymiz.
Chunki, muallif bugungi saylovchi anoyi emasligini, u partiyalar vakillaridan rost gapirishni, achchiq bo‘lsa-da haqiqatni aytishlarini talab etayotganini yaxshi biladi.
Masalan, O‘zXDP vakillari o‘z elektorati yig‘ilayotgan mitinglarda saylovdan-saylovgacha bo‘lgan davrda ijtimoiy muhofaza masalasida va’dalarimizni bajara olmadik, desalar, osmon uzilib, yerga tushmasa kerak.
Yoki “Adolat” e’tiborsizligimiz, ayrim deputatlarimiz muammoli masalalarni ko‘tarishga jur’at topmagani uchun ham sog‘liqni saqlash tizimi izdan chiqdi, faqat hukumat tashabbusi bilan muammolar hal etila boshlandi, deya haqiqatni tan olsa.
“Milliy tiklanish” vakillari esa o‘tgan besh yil davomida “Til to‘g‘risida”gi qonun ijrosini chindan ham talab darajasida nazorat qila olmadik, deya o‘z saylovchilariga real vaziyatni tushuntirsa.
Shu ma’noda Nuriddin Murodovning tadbirkorlar manfaatini himoya qilayotgan partiyaning faol a’zosi sifatida e’lon qilgan maqolasi boshqa partiyalarga ham xatolarni tan olish payti kelganini anglatmoqda, deyish mumkin.
Tez kunlarda barcha partiyalarimiz saylovchilar oldida hisob beradilar. Oldingi saylov davrida berilgan va’dalar tahlil qilinib, g‘alvir suvdan ko‘tariladi.
Ishonchimiz komilki, aksariyat saylovchilar hukumat partiyasi vakillarining chiqishlarini ko‘proq kutmoqdalar. Garchi matbuotimizda, partiyalar tomonidan o‘tkazilayotgan rango-rang mitinglarda iqtisodiyotimizning ustuni bo‘lgan tadbirkor va fermerlar qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilgan, banklar tomonidan biznes vakillariga imtiyozli shartlarda kreditlar ajratilyapti, qabilidagi balandparvoz gaplar aytilayotgan bo‘lsa-da, Nuriddin Murodovdek O‘zLiDeP a’zolari chin haqiqatni aytib, “jamiyatda tadbirkorga qarash, mas’ullarning tadbirkorga dunyoqarashi o‘zgarmagan”ini ochiq-oydin e’tirof etmoqda.
Eng achinarlisi, partiya faoli “hali beri bu qarash o‘zgarmaydi ham, negaki, bu sohada eski tizim qolipidan chiqa olmayapmiz”, deya xulosa chiqaradi. Bunday achchiq, ammo ochiq fikrlar hukumat partiyasi – O‘zLiDeP mas’ul xodimining ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan maqolasida qayd etildi.
P.S. Ushbu munosabat tayyorlanayotgan paytda Nuriddin Murodov o‘zining navbatdagi maqolasini e’lon qildi.
Unda yanada og‘riqli masalalar, xususan, agrar sohadagi muammolar chuqur tahlil etilibdi...
Asliddin Annaev,
mustaqil tadqiqotchi