Kasbiy ta’limda islohotlarning yangi bosqichi
Mamlakatimizda inson kapitali, yoshlarning bilim olishi va ularning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, kasbiy ta’lim tizimini takomillashtirish, uni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish orqali mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bugungi kunning asosiy vazifalaridan biriga aylangan.
Bunda davlatimiz rahbarining 2025-yil 23-oktabrda qabul qilingan “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Qarorga ko‘ra, 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy ta’lim qamrovini kengaytirish, tizimda dual ta’lim ulushini oshirish belgilangan.
Uchquduq tumanidagi 2-son texnikumda 623 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Dargohda 28 nafar pedagog hamda 14 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustasi yoshlarga nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalar berish orqali ularning malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga hissa qo‘shmoqda.
Texnikumda ta’lim jarayoni mehnat bozori ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda tashkil etilgan. 2025-2026 o‘quv yilida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, metallarga ishlov berish, foydali qazilmalarni boyitish kabi 12 ta yo‘nalish bo‘yicha qabul amalga oshirilgan bo‘lsa, 2026-2027 o‘quv yilida bu ko‘rsatkich 13 taga yetkazildi.
Eng muhimi, ta’lim jarayoni ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘langan. Bugun texnikumda 5 ta dual ta’lim guruhi faoliyat yuritmoqda.
– Bu tizim orqali o‘quvchilar vaqtning ma’lum qismida auditoriyada bilim olsa, qolgan qismida korxonalarda amaliyot o‘taydi. Natijada ular diplom bilan birga haqiqiy ish tajribasiga ham ega bo‘ladi, – deydi muassasa direktori Sherzod Nazarov. – Texnikum hamda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati Shimoliy kon boshqarmasi tizimidagi korxona va tashkilotlar, shuningdek, “Navoiyuran” davlat korxonasi o‘rtasidagi hamkorlik bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tuzilgan shartnomalar asosida o‘quvchilarning amaliyoti to‘liq ishlab chiqarish muhitida tashkil etilmoqda. Bu hamkorlikning yana bir muhim jihati shundaki, amaliyotga jalb etilgan o‘quvchilar mehnati uchun ish haqi oladi. Ya’ni yoshlar ta’lim olish bilan bir vaqtda daromad topish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda. Bu esa ularning mehnatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash va kelajakdagi ish faoliyatiga tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Foydali qazilmalarni boyitish yo‘nalishida tahsil olayotgan Nargiza Ro‘ziyeva ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlardan biri. U hozirda “Navoiyuran” davlat korxonasi “Uchquduq” ICHMning sulfat kislota ishlab chiqarish sexi laboratoriyasida amaliyot o‘tamoqda.
– Amaliyot davomida nazariy bilimlarimni mustahkamlayapman. Mutaxassislar bilan birga ishlash orqali sohaning nozik jihatlarini o‘rganmoqdaman. Eng muhimi, mehnatimiz munosib baholanib, qariyb 4 million so‘m oylik maosh olyapman. Shuningdek, maxsus kiyim-bosh, issiq ovqat va transport xizmati bilan ta’minlanganmiz, – deydi Nargiza.
Joriy yilda texnikum bitiruvchilarining 90 foizdan ortig‘i o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat faoliyatini boshlamoqda.
Eng muhimi, bugungi bitiruvchilar nafaqat ish izlovchi, balki zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirgan, amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan malakali mutaxassis sifatida mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu esa kasbiy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim natijasi hisoblanadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri