Joylardagi muammolar o‘rganildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi "Milliy tiklanish" partiyasi fraksiyasi rahbari, partiya markaziy Kengashi raisi Alisher Qodirov boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatida bo‘ldi.
Hududlardagi muammolarni o‘rganish, joylardagi vaziyatni yaxshilash uchun zarur chora-tadbirlar belgilash maqsadida tashrif buyurgan partiya Ishchi guruhi viloyatdagi qator ob’ektlarda o‘rganishlar o‘tkazdi, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab ishchi guruh Marhamat tumanidagi “Mingtepa” ochiq osmon ostidagi muzeyda, “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi majmuasida bo‘ldi.
“Mingtepa” muzeyi 2013 yilda tashkil etilgan. Bu yerda qadimiy Mingtepa shahrining uzoq moziydan to yaqin tarixigacha bo‘lgan davrini aks ettiruvchi nodir eksponatlar, osori-atiqalar, fotosuratlar, 2 - 2,5 ming yillik tarixga ega qal’alar maketi va qadimiy qo‘lyozma asarlar jamlangan.
Tarixiy manbalar hamda arxeolog-olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, “Mingtepa” arxeologiya yodgorligi qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan Dovon (aksariyat manbalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatning poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.
[gallery-24596]
Hozirda Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.
Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan bu mahobatli shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dehqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan. Bu yerda balandligi 18 metrga yetadigan, mustahkam mudofaa devorlari o‘tgan bo‘lib, ular shaharning harbiy va strategik qudratini ifodalagan.
Alisher Qodirov ushbu tarixiy obida atrofida olib borilgan ishlar bilan tanishib, bu yer - ajdodlarimizning tafakkuri, me’morchilik an’analari va davlatchilik g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan tarixiy maskan, uni asrash bilan birga, ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish ham muhim ekanligini ta’kidladi. Yodgorlik majmuasiga xalqaro ekspertlarni jalb etish, zarur ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish yuzasidan chora-tadbirlar belgilash bo‘yicha tegishli vazirliklarga rasmiy so‘rov yuborish lozimligini alohida qayd etdi.
Shundan so‘ng ishchi guruh Asaka tumanidagi "Asaka agrostar" mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi daromadini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Jarayonda partiya yetakchisi hududda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirayotgan tadbirkorlar, dehqonlar bilan uchrashib, davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 30 iyul kuni meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar xususida muloqot o‘tkazildi.
Muloqotda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilishi muhim bo‘lgan vazifalar, muammolar muhokama qilindi, tadbirkor va dehqonlarning takliflari eshitildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari