Jonbibi Hukmova mamlakat chempioniga aylandi
Yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatining ertalabki dasturida sportcha yurish, 400 metrga g‘ovlar osha yugurish, 100 metrga yugurish hamda bosqon uloqtirish yo‘nalishlarida g‘olib va sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi.
Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati davom etmoqda. Musobaqa doirasida bir qator final bahslari o‘tkazilib, g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Ayollar o‘rtasidagi 100 metrga yugurish bahsida Jonbibi Hukmova 11.68 soniya natija bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Nurxon Ochilova 12.13 soniya bilan ikkinchi, Zaynab Ahatqulova esa 12.41 soniya bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasidagi 10 ming metrga sportcha yurish musobaqasida Ozodbek Saidov (45:00.33) oltin medalga sazovor bo‘ldi. Fathulla Tog‘ayev kumush, Shahboz Toshpo‘latov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ayollar bahsida Diana Yafasova (51:28.64) chempionlikni nishonladi. Dilnura Aliyeva va Shahzoda Ergasheva mos ravishda ikkinchi hamda uchinchi pog‘onadan joy oldi.
400 metrga g‘ovlar osha yugurishda Hasanbek Rustamjonov 52.80 soniya natija bilan marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Muhammadsodiq Karimov ikkinchi, Sarvar Bakirov uchinchi o‘rinni egalladi. Ayollar o‘rtasida Nurxon Ochilova g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Dinara Anvarova kumush, Sabrina G‘oyibnazarova bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Bosqon uloqtirish bahslarida Zarina Nosirjonova ayollar o‘rtasida 59.91 metr natija qayd etib, shohsupaga ko‘tarildi. Elina Silyamiyeva ikkinchi, Dilnoza Kubayeva uchinchi o‘rinni egalladi.
Erkaklar o‘rtasida mazkur dasturda Umidjon Hasanov 61.07 metr natija bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi. Muhammadaziz Nosirov kumush, Javohirbek Aliyev esa bronza medali sohibi bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA