Jizzaxlik munis ayollar sharaflandi
Jizzax viloyatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyatda o‘tgan yili ishchi guruh tomonidan oilaviy sharoiti, ijtimoiy ahvoli, imkoniyati, ma’lumoti va o‘zlari qiziqishlari o‘rganilib, ularni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish maqsadida 17 mingga yaqin ishsiz xotin-qizlar aniqlangan. Jumladan, 5 ming nafardan ziyodi bandlik markazlari hisobida turishgan bo‘lsa, 12 ming nafardan ziyodi uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan. Natijada o‘tgan yilning o‘zida barcha ishsiz bo‘lgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlanishiga erishilgan.
Tijorat banklari tomonidan esa 5 ming 87 nafar tadbirkor ayollarga 233 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi.
Joriy yilning shu davriga qadar ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan 11 mingdan ziyod xotin-qizlarning ming nafarga yaqini doimiy bandligi ta’minlandi. 155 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, olti yuz nafarga yaqin xotin-qizga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
bugungi shodiyona kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan bir guruh jizzaxlik ayollar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlandi.
Jumladan, Do‘stlik tumanidagi "O‘lmas Zebiniso" fermer xo‘jaligi rahbari Omongul Hayitova "Mehnat shuhrati" ordeni bilan, Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi "Sayiljoy" akademik litseyi direktori Feruza Soliyeva "Sog‘lom turmush" medali bilan, Jizzax viloyati bojxona boshqarmasining "Qo‘shkent" chegara bojxona posti guruh katta inspektor-surishtiruvchisi Leylya Xolmatova "Sodiq xizmatlari uchun" medali bilan, Jizzax shahridagi Amir Temur nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisining xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Zulayho Mamayusupova va "Jizzax akkumulyator zavodi" aksiyadorlik jamiyatining sifatni kafolatlash bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Sobirova "Shuhrat" medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan 46 nafar ayollar "Mo‘’tabar ayol" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganligi ta’kidlandi.
Ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida katta yutuqlarga erishgan, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan viloyatning 24 nafar iqtidorli qizlari safiga bu yil Jizzax politexnika institutining 4-bosqich talabasi Dildora Imomova va Jizzax davlat pedagogika institutining 2-bosqich talabasi Muqaddas Mamarasulova ham qo‘shildi.
Umumta’lim maktablarini oltin va kumush medallar bilan tamomlagan 274 nafar qizlardan 113 nafari viloyatning "Oltin fondi"ga kiritilganligi, oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida viloyatdan 37 nafar qiz talabalik baxtiga bo‘ldi.
-Yurtimizda xotin-qizlarga berilayotgan keng imkoniyatlar natijasida barcha sohalarda, shu jumladan fermerlik sohasida ham o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyatlar yanada kengaytirildi, – deydi "Mehnat shuhrati" ordeni sohibasi, Do‘stlik tumanidagi "O‘lmas Zebiniso" fermer xo‘jaligi rahbari Omongul Hayitova. – Bugun menga berilgan orden davlatimizning biz ayollarga ko‘rsatayotgan hurmat va e’tiborining ifodasidir.
Bayram tadbirida viloyat hokimi E.Soliyev so‘z ishtirok etdi.
Jamshid YORBEKOV(surat), O‘zA