Jizzaxda media haftalik boshlandi
Jizzax viloyatida 8–12-iyun kunlari o‘tkazilayotgan Media haftalik yurtimiz axborot makonidagi eng yirik amaliy-ma’rifiy loyihalardan biri sifatida jurnalistlar, blogerlar, axborot xizmati xodimlari va media sohasiga qiziquvchi yoshlarni bir maydonga jamladi. Zamonaviy kommunikatsiyalar, sun’iy intellekt, faktcheking va mediaxavfsizlik kabi dolzarb yo‘nalishlarni qamrab olgan mazkur loyiha soha vakillarining kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Axborot tezligi zamonning bosh mezoniga aylangan bugungi kunda media sohasi vakillari zimmasiga yuklanayotgan mas’uliyat ham tobora ortib bormoqda. Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan, sun’iy intellekt imkoniyatlari kengayib, axborot oqimi mislsiz sur’atlarda ko‘payib borayotgan bir sharoitda zamonaviy bilim va ko‘nikmalar har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda Jizzax viloyatida start olgan Media haftalik nafaqat navbatdagi sohaviy tadbir, balki mamlakat media makonining intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan muhim maydon sifatida e’tibor qozonmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashabbusi bilan hamkor tashkilotlar ishtirokida amalga oshirilayotgan mazkur yirik loyiha mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Loyiha doirasida respublika bo‘yicha qariyb 12,5 ming nafar ishtirokchini qamrab olish rejalashtirilgan bo‘lib, har bir hududda besh kunlik intensiv seminar-treninglar va mahorat darslari o‘tkazilmoqda.
[gallery-29877]
Bu tashabbus mamlakatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini yanada mustahkamlash, davlat organlari va jamoatchilik o‘rtasidagi samarali muloqotni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvarda qabul qilingan “2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, axborot sohasini takomillashtirish va mediasavodxonlikni yuksaltirish muhim vazifalar sifatida belgilab berilgan.
Ayni paytda Media haftalik tadbirlari bo‘lib o‘tayotgan Jizzax Yoshlar markazida tayyorgarlik ishlari yuqori saviyada tashkil etildi. Haftalikning ochilish marosimida ishtirokchilar va mehmonlar tantanali tarzda kutib olinib, media sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, dolzarb muammolar va istiqbolli yo‘nalishlar muhokamasiga bag‘ishlangan dasturlarga start berildi.
Mazkur loyihaning eng muhim jihati nazariya va amaliyot uyg‘unligidir. Tinglovchilar strategik kommunikatsiya, sun’iy intellektdan foydalanish, faktcheking, mediaxavfsizlik, krizis kommunikatsiyasi, vizual storitelling, mobilografiya, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, media monitoring va kontent yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda.
Seminarlarda jurnalistlar, axborot xizmati xodimlari, blogerlar, mobilograflar, SMM mutaxassislari hamda media sohasiga qiziquvchi yoshlar qatnashmoqda. Mashg‘ulotlar tajribali muharrirlar, media ekspertlar va sohaning yetakchi mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Ishtirokchilar real keyslar ustida ishlab, axborot tarqatishda uchraydigan muammolar tahlili orqali yangi yechimlar ishlab chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.
Bugun axborot makonida raqobat bilim va tezkorlik bilan o‘lchanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Media haftalik nafaqat kasbiy mahoratini oshirishni istagan mutaxassislar uchun o‘quv maydoni, balki yangi g‘oyalar tug‘iladigan, tajriba almashiladigan va kelajak media loyihalariga poydevor qo‘yiladigan muhim muloqot platformasiga aylanmoqda.
Jizzaxda boshlangan bu intellektual harakat mamlakat media sohasida yangi fikr, yangi yondashuv va yangi avlod mutaxassislarini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari