Jizzaxda gilam fabrikasi ishga tushirildi
“Jizzax” maxsus industrial zonasida yangi korxona – “Diamond karpet” mas’uliyati cheklangan jamiyatining gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasi ish boshladi. Korxona yiliga 3 ming tonna polipropilen ip va 1,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“Jizzax” maxsus industrial zonasida yangi korxona – “Diamond karpet” mas’uliyati cheklangan jamiyatining gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasi ish boshladi. Korxona yiliga 3 ming tonna polipropilen ip va 1,2 million kvadrat metr gilam ishlab chiqarish quvvatiga ega.Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan ushbu industrial zonada transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilgan holda, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuksak texnologiyali innovatsion ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotir.
Yangi korxona xorijdan keltirilgan zamonaviy texnologiyalar, jumladan, polipropilen ip ishlab chiqarish va gilam to‘qish dastgohlari bilan jihozlandi. 20 yangi ish o‘rni yaratildi. Ayni paytda kasb-hunar kollejini bitirgan yoshlardan tashkil topgan korxona ishchilari tomonidan rangdor gilamlar to‘qilmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalanib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi korxona rahbarining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Hayot Obloqulov. – Xomashyoni yurtimiz korxonalaridan olib, mahsulot tannarxini arzonlashtirish hisobiga tejalgan mablag‘ni sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilashga, gilamning raqobatbardoshligini oshirishga sarflamoqdamiz.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, 2015-yilda “Jizzax” maxsus industrial zonasida 9 sanoat korxonasi faoliyat boshlagan. 2016-yilda bu boradagi ishlar davom ettirilib, 10 dan ziyod turli xil maishiy ro‘zg‘or buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan.