Jizzaxda eng yaxshi oromgohlar aniqlandi
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidagi Uobsoy qishlog‘ida joylashgan “Energiya” bolalar oromgohida “Eng yaxshi oromgoh” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi o‘tkazildi.
Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan tashkil etilgan tadbirdan maqsad yozgi mavsumda bolalarning mazmunli dam olishini ta’minlash, oromgohlardagi sharoitlarni yanada yaxshilash, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat.

Tanlov jarayonida oromgohlarning faoliyati, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, tarbiyaviy ishlar samaradorligi, xodimlarning kasbiy mahorati va zamonaviy yondashuvlar baholandi. Ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashishga ham alohida e’tibor qaratildi.

Belgilangan mezonlar asosida o‘tkazilgan baholash yakuniga ko‘ra, beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. “Eng yaxshi oromgoh” nominatsiyasida Sharof Rashidov nomidagi bolalar oromgohi g‘olib deb topildi. “Eng yaxshi oromgoh direktori” yo‘nalishida shu maskan rahbari Zamira To‘ychiyeva, “Eng yaxshi katta tarbiyachi” nominatsiyasida Sharof Rashidov oromgohi xodimi Nodiraxon Rajapova, “Eng yaxshi yetakchi tarbiyachi” yo‘nalishida “Energiya” oromgohidan Farhod Toyirov, “Eng yaxshi to‘garak rahbari” nominatsiyasida yana bir “Energiya” vakilasi Muhayyo Saidazimova, “Eng yaxshi rahbar” yo‘nalishida esa “Yulduzcha” oromgohidan Charos Eshmirzayeva g‘olib bo‘ldi.

Tanlov nafaqat eng yaxshi oromgoh va xodimlarni aniqlash, balki bolalarning sog‘lom va mazmunli dam olishini tashkil etishdagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga ham xizmat qiladi.
Hududiy bosqichda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar “Eng yaxshi oromgoh” ko‘rik-tanlovining keyingi bosqichida Jizzax viloyati nomidan ishtirok etadi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri