Jizzax viloyati xabarlari — qisqa satrlarda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–fevral oylarida mamlakatimizda jami 175 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi.
Ushbu ko‘rsatkich sanoat tarmog‘ining iqtisodiyotdagi ulushi izchil ortib borayotganini ko‘rsatadi. Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, Jizzax viloyatida 5,2 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilgani qayd etildi. Bu natija viloyatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan sanoatlashtirish siyosati, investitsiya loyihalarining izchil ro‘yobga chiqarilishi va yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilayotgani bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, kichik sanoat zonalari va erkin iqtisodiy hududlarning faoliyati, tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilayotgan qulay sharoitlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga xizmat qilmoqda. Yangi korxonalarning ishga tushirilishi aholi bandligini ta’minlash, eksport salohiyatini kengaytirish hamda hudud infratuzilmasini rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
***
Jizzax Sambhram universitetida “School 21” zamonaviy IT ta’lim loyihasi jamoasi ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Unda talabalarga mazkur ta’lim tizimining o‘ziga xos jihatlari, jumladan, bepul va amaliyotga yo‘naltirilgan o‘qitish usullari, saralash bosqichi — “havza” jarayonlari, IT sohasidagi keng imkoniyatlar hamda zamonaviy kasblar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hujjat topshirish tartibi va tanlov bosqichlarida ishtirok etish shartlari tushuntirildi.

Interaktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarni axborot texnologiyalari sohasiga yo‘naltirish, ularning raqobatbardosh kasb egallashiga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
***
Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida maktabgacha yoshdagi bolalarni savodga o‘rgatishga bag‘ishlangan o‘quv-seminar o‘tkazildi.
U Amaliy fanlar va maktabgacha ta’lim metodikalari kafedrasi hamda Jizzax davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari hamkorligida tashkil etildi.


Seminarda “Tarbiyalanuvchilarning 4K metodi orqali savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish” mavzusi interfaol usullar asosida yoritildi. Tinglovchilar guruhlarda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan tanishdilar. Savol-javoblar jarayonida ishtirokchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Bunday tadbirlar tarbiyachilarning kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qilmoqda.
***
Jizzax shahrida “Tarannum milliy fashion show” tadbiri doirasida milliy liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi.

U viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etildi. Namoyishda milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror liboslar taqdim etildi. Har bir libos xalqimizning boy madaniy merosi, urf-odatlari va estetik qarashlarini o‘zida mujassam etgani bilan e’tibor molik bo‘ldi.


Tadbir milliy liboslar, an’analarni keng targ‘ib qilish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida milliy qadriyatlarga hurmat va qiziqishni oshirishga xizmat qildi.
***
Jizzax shahrida “Talaba ligasi” doirasida oliy ta’lim muassasalari talaba-qizlari o‘rtasida voleybol musobaqalari o‘tkazildi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda jamoalar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi va jamoaviy o‘yin mahoratini namoyon etdilar.
Voleybol sport turi yoshlar o‘rtasida ommalashib borayotgani, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb etishda muhim o‘rin tutayotgani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni Jizzax davlat pedagogika universiteti jamoasi qo‘lga kiritdi. 2- va 3-o‘rinlar Jizzax politexnika instituti hamda O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filiali jamoalariga nasib etdi.

Mazkur sport tadbiri talaba-qizlar o‘rtasida jamoaviylik ruhini mustahkamlash va sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA