Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida Jizzax davlat pedagogika universitetida o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarning oldini olishga bag‘ishlangan seminar mashg‘uloti viloyat favqulodda vaziyatlar, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda quturish, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi va kuydurgi kabi kasalliklarning oldini olish choralari, kasallik alomatlari, tashxislash va davolash usullari haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Kasallik aniqlanganda mutasaddi idoralarga xabar berish, tegishli xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlari muhokama qilindi.
Tadbir ishtirokchilariga mavzuga oid eslatma va bukletlar tarqatilib, ularni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi.
***
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi, Jizzax viloyat prokuraturasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi, “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi” MCHJ hamda ushbu Ko‘llar tizimini muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari ishtirokida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligi va dolzarb vazifalarga qaratilgan profilaktik ochiq muloqot o‘tkazildi.
Mazkur ochiq muloqotda xodimlar tomonidan nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, ularning kelib chiqishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
***
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ishchi guruhi Sharof Rashidov tumanidaga Uchtepa, Yaxtanlik va Oqtosh ota mahallalarida obodonlashtirish va bandlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni atroflicha o‘rganib chiqdi.
Hududda “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” mezonlari asosida infratuzilma tamoyillari, bandlik va tomorqalarni sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mahallalarda xonadonlar, ko‘chalar va ijtimoiy ob’ektlar atrofini obodonlashtirish ishlari jadal davom yetmoqda. Shuningdek, Qo‘shko‘prik mahallasidagi “Bagira tex” korxonasida kostyum-shim ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi.
***
Mamlakatimizda 2025 yil 15 martdan 15 aprelga qadar “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Forish tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari hududda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida bir qator profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida oylik doirasida ovqatdan zaharlanishning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazdi.
***
Do‘stlik tumani adliya bo‘limi tomonidan Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan “Mening mahallamda jinoyat bo‘lmaydi!” dasturi doirasida tumandagi qizil toifaga kirgan G‘ofur G‘ulom nomli hamda “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa mahallalardan kelgan ayollar o‘rtasida “Xotin-qizlarga huquqiy ko‘mak” aksiyasi tashkil qilindi.
Tadbir jarayonida sayyor qabul o‘tkazilib, xotin-qizlarga birlamchi bepul yuridik va psixologik yordamlar ko‘rsatildi, ularning huquqiy muammolari bartaraf qilinib, alimentdan bo‘lgan qarzdorliklar undirib berildi.
Shuningdek, ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirilib, shar’iy nikohdagi oilalarning nikohi qonuniylashtirildi. Mehnat yarmarkasi tashkil qilinib, 12 nafar ishsiz xotin-qiz mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi.
[gallery-22352]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri