Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Umid nihollari – 2022” sport musobaqalarining final bosqichida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan Do‘stlik tumani XTBga qarashli 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5 nafar o‘quvchisiga Prezident sovg‘alari berildi.

Ularga 3 dona noutbuk, 1 dona televizor, 1 ta velosiped, medal va diplom topshirildi.
* * *

Mirzacho‘l tumani rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol ayollarga O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning tashakkurnoma va tabriknomalari topshirildi.
* * *
Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi boshlig‘i mahalla yoshlari yetakchilari faoliyati bilan tanishish uchun Zomin tumanida bo‘lib, “Yoshlar markazi” binosida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga subsidiyalar ajratish masalalari muhokama qilindi. Shu mablag‘lar asosida o‘z bandligini ta’minlagan yoshlar bilan uchrashilib, ularning muammolari o‘rganildi.
* * *
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Jizzax shahar hokimligi tomonidan dam olish kunlari “Zakovat” intellektual o‘yini hamda sportning shaxmat, shashka turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Moliya bo‘limlari, g‘aznachilik bo‘linmasi va byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi xodimlari o‘rtasida kechgan bahslarda umumjamoa hisobida Jizzax shahar moliyachilarining qo‘li baland keldi.
* * *
Zafarobod tumani mahallalarida aholi bandligini ta’minlash, ular daromadini oshirish maqsadida qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlariga biriktirilgan hokim yordamchilari tomonidan xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tumandagi “Lolazor” QFYga biriktirilgan hokim yordamchisi tashabbusi va ko‘magi bilan shu hududda yashovchi fuqaroga 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, ushbu mablag‘ hisobiga yuk tashish mototsikli olib berildi.
* * *
Forish tuman hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar tuman bo‘limi boshlig‘i Elnora Ummatova eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 31 yillik qutlug‘ to‘yi nishonlanayotgan shu kunlarda tumandagi bir qator mehnat faxriylari, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalar, to‘shakda yotib qolgan bemorlar xonadonlarida bo‘lib, ular holidan xabar oldi.

Kam ta’minlangan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA