Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumanida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman kengashi tomonidan “Yilning eng faol yetakchisi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovning sektorlar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 8 nafar yosh o‘zaro kuch sinashdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, tumandagi 2-sonli umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi mutloq g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi.
* * *
Baxmal tumanining “O‘rmonchi” mahalla fuqarolar yig‘inida “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” loyihasi doirasida “Yoshlar festivali” bo‘lib o‘tdi.

Festival doirasida velosipedda va salomatlik uchun piyoda yurish marafonlari, sportning mini-futbol, shaxmat va milliy kurash misobaqalari, yosh estrada qo‘shiqchi havaskorlarining musiqiy chiqishlari, rasmlar tanlovi bellashuvlari o‘tkazildi. Shu hududagi “n” harbiy qism xizmatchilari tomonidan tayyorlangan qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyishi tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Tadbirda 13 ming nafarga yaqin mahalla yoshlari ishtirok etdi.
* * *
Jizzax shahridagi “Jizzaxlik” mahallasida “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” doirasida shu hududagi “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan yoshlar va mahalla faollari ishtirokida “Kelajakni birga quramiz, birlashsak Yangi O‘zbekiston bo‘lamiz!” shiori ostida sportning stol tennisi, badminton, shaxmat, shashka turlari, qopda sakrash qiziqarli universal o‘yinlari hamda “Yosh kitobxon oila” viktorinasi o‘tkazildi.

G‘olib, sovrindor va eng faol ishtirokchilar rag‘batlantirildi. Tadbirlar shaharning boshqa mahallalarida ham davom etmoqda.
* * *
Zomin tumanida “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” shiori ostida yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirish, barkamol shaxsni tarbiyalashda kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida “Zukko kitobxon” tanlovi bo‘lib o‘tdi. 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu tanlovning tuman bosqichida kitobxonlikka qiziqqan 4 ta sektor jamoasi ishtirok etib, yakunda 1-sektorning “Yosh kitobxonlar” jamoasi 1-o‘rinni egalladi va viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
* * *
Mirzacho‘l tumani kurash federatsiyasi ijrochi direktori N.Latipovning xabar berishicha, joriy yilning 11-12 dekabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasida sportning dzyudo turi bo‘yicha 2005-2007 yillarda tug‘ulgan o‘smirlar o‘rtasida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston kubogi musoboqasida Jasurbek Shakarboyev muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Jasurbek Shakarboyev tatamiga chiqqan barcha raqilarini kuragini yerga tekkazib, O‘rta Osiyoda tengsiz ekanini isbotladi.
* * *
Forish tuman Axborot kutubxona markazi va 1-sonli umumta’lim maktabi hamkorligida asli forishlik iqtidorli adib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mamadali Mahmudov (Evril Turon)ning xotirasiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda yozuvchining “Oynur” va “O‘lmas qoyalar” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi. Tadbir davomida yoshlar adibning hayoti va ijodiy faoliyati, asarlarida ko‘tarilgan g‘oyalar bilan yaqindan tanishtirildi.
***
Yangiobod tumani 3-sektor mas’ullari tashabbusi bilan “Chakand” qishlog‘idagi 6-sonli umumta’lim maktabida Ichki ishlar vaziri sovrini uchun “Sog‘lom va barkamol oila” shiori ostida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Unda “Do‘stlik” MFY hamda “Havotog‘” QFYda yashovchi 3 ta oila a’zolari “Eng yaxshi sog‘lom va barkamol oila” deb nomlangan oilaviy sport bellashuvlarida stol tennisi, “Quvnoq startlar”, shaxmat, shashka va badminton musobaqalari, 4 ta oila a’zolari “Eng yaxshi ma’naviy yetuk oila” kitobxonlik bellashuvlari bo‘yicha “Eng yaxshi kitobxon oila”, “Yosh kitobxon”, “Men sevgan asar qahramoni”, “Bahru bayt” tez aytish va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari asosida bellashdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
G‘allaorol va Baxmal tumanlari aholisining uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qilgan “Sangzor” daryosi ustidagi ko‘prik ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Uzunligi 82, eni 14 metrni tashkil etuvchi ushbu ko‘prik 8 milliard 200 million so‘m mablag‘ evaziga “Farovon yo‘l servis” MCHJ qurilish firmasi tomonidan yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.

50 yil davomida xalqqa xizmat qilgan ko‘prikdan kuniga 2,5-3 ming atrofida avtoulov harakatlanadi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA