Jizzax tadbirkorlarining fidokorona mehnatlarie’zozlandi
Jizzaxda “Tadbirkorlar kuni” munosabati bilan soha vakillariga davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev ishtirok etib, yurt taraqqiyoti, aholi farovonligi va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarni samimiy muborakbod etdi.
Bu kungi e’tirof — shunchaki bayramona tadbir emas. Zero, tadbirkorga berilgan mukofot zamirida bir insonning emas, uning tashabbusi ortidan ish o‘rniga ega bo‘lgan yuzlab, minglab insonlarning mehnati, oilasi va ertangi kuniga daxldor ezgu maqsadlar mujassam.
Bugun Jizzaxda 16 mingdan 800 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularda qariyb 194 ming 500 nafar fuqarolarimiz mehnat qilmoqda. Yalpi hududiy mahsulotda xususiy sektor ulushining 71,9 foizdan oshgani esa tadbirkorlik viloyat iqtisodiyotining oddiy bir bo‘g‘ini emas, balki uning tayanch ustunlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Bu raqamlarning har biri ortida inson taqdiri, oila rizqi, yangi ish o‘rni va katta mehnat bor. Bir tadbirkorning tashabbusi ishlab chiqarishga, ishlab chiqarish bandlikka, bandlik esa oila farovonligiga aylanadi. Shu bois tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash — aslida insonni, uning mehnati va kelajakka ishonchini qo‘llab-quvvatlashdir.
So‘nggi yillarda Jizzaxning iqtisodiy qiyofasida ham ana shu o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Viloyatda sanoat korxonalari soni 3927 taga yetdi. So‘nggi yetti yilda hududga jami 4 milliard 800 million dollar investitsiya jalb etildi. Joriy yilda 2 milliard 700 million dollar investitsiya o‘zlashtirish maqsad qilingan bo‘lib, dastlabki yetti oyning o‘zida 800 million dollar investitsiya jalb etildi.
Eksportda ham marra baland. Yil yakuniga qadar viloyatda ishlab chiqarilgan 306 million dollarlik mahsulotni dunyoning 60 dan ortiq mamlakatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.
Demak, Jizzaxda tadbirkorlikning bugungi qiyofasini uch so‘z bilan ifodalash mumkin: mehnat, imkoniyat va natija.
[gallery-30958]
Tantanali marosimda yuksak natijalari bilan el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan jizzaxlik tadbirkorlarning mehnati munosib e’tirof etildi.
Baxmal tumanidagi “Qo‘shchinor mevasi” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Baxtiyor Ahmedov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni, Zomin tumanidagi “Azim Zomin shifo” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Oybek Mamatqulov “Do‘stlik” ordeni, Sharof Rashidov tumanidagi “Yu-Meva” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Yulduz Jabbarova esa “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Jizzax viloyatidan Nuriddin Abjalov, Jahongir Bo‘ronov, Doniyor Davlatyorov, Shuhrat Mavlonov, Shohhasan Suvonqulov, Mirtoza Sultonov, Yulduz To‘g‘ayeva hamda Abdulaziz Yunusovlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Mukofot sohiblari orasida Baxmalning serquyosh bog‘lari, tuproqning barakasi va dehqonning mashaqqatli mehnati bilan umrini bog‘lagan Baxtiyor Ahmedovning alohida o‘rni bor.
— Davlatimiz rahbari tomonidan mening kamtarona mehnatimga berilgan ushbu yuksak mukofot men uchun quvonchdan ko‘ra kattaroq mas’uliyatdir. Endi har bir daraxt, har bir nihol, har bir qarich yerga yanada mas’uliyat bilan qarashim kerak. Yurtimizda qishloq xo‘jaligiga yaratilayotgan imkoniyatlarni samarali ishlatib, sifatli mahsulot yetishtirish, eksportni ko‘paytirish, yoshlarni mehnatga jalb etish — bu mukofotga munosib javob bo‘ladi. Davlatimiz bildirgan ishonchni yangi natijalar bilan oqlashga harakat qilamiz, — deydi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni sohibi Baxtiyor Ahmedov.
Darhaqiqat, mukofotning qadri unga munosib mehnat qilish bilan o‘lchanadi.
Bugun Jizzaxda tadbirkorlikning miqyosi ham, turlari ham o‘zgarmoqda. Kimdir yangi korxona ochib, yoshlarga ish beryapti. Kimdir mahalliy xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirib, bozorga chiqaryapti. Yana kimdir eksport geografiyasini kengaytirib, Jizzax nomi bilan yaratilgan mahsulotni xorijiy bozorlarga olib kiryapti.Tadbirkorlar kuni munosabati bilan berilgan mukofotlar ana shu ezgu harakatlarning munosib e’tirofidir. Ammo har qanday e’tirofning eng katta davomi bor: u insonni kechagidan ham yaxshiroq natijaga undaydi.
Bugun mukofot topshirildi. Ertaga esa bu mukofotning haqiqiy samarasi yangi ish o‘rinlarida, yangi korxonalarda, yangi mahsulotlarda, yangi investitsiya va eksport ko‘rsatkichlarida namoyon bo‘ladi.
Zero, tadbirkorlik — faqat daromad topish san’ati emas. U imkoniyatni ko‘ra bilish, mas’uliyatni zimmaga olish, tavakkaldan qo‘rqmaslik va o‘z muvaffaqiyatini yurt taraqqiyoti bilan uyg‘unlashtira bilish madaniyatidir. Jizzaxda bu madaniyat tobora chuqur ildiz otmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari