Jizzax qovunlari xorij bozorlarida
Jizzax viloyatida yetishtirilgan oliy navli qovunlarning xorijiy davlatlarga eksport hajmi ortmoqda.
Forish tumanining bepoyon dashtliklarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, qovun yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda ushbu hududda qovun ekinlariga ajratilgan maydonlar 30 ming gektarga yetkazilib, bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 10 ming gektarga oshdi. Ana shu o‘zlashtirilgan 10 ming gektar maydonda yuqori hosildorlikka ega, issiqqa chidamli va uzoq muddat saqlashga yaroqli bo‘lgan “Gulobi torpaq” navli qovunlar yetishtirilmoqda.
[gallery-24105]
Mahsulotlar zamonaviy muzlatkichli omborlarda saqlanadi. Xalqaro talab va standartlarga muvofiq saralanib qadoqlanadi va maxsus transport vositalariga yuklanadi. Ushbu oliy navli qovun mahsulotlari hozirgi vaqtda Afg‘oniston, Latviya, Litva, Polsha, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iz Respublikasiga eksport qilinmoqda.
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i F. Ortiqov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga bojxona tartib qoidalarining soddalashtirilgan shakllarini tatbiq etish hamda rasmiylashtiruv jarayonlarini tezkor va shaffof tarzda amalga oshirish borasida tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda ro‘yxatdan o‘tgan eksportchi sub’ektlar tomonidan har kuni o‘rtacha 40 tonnaga yaqin oliy navli Jizzax qovunlari eksport bojxona rejimida rasmiylashtirilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari