Jinoyatga jazo muqarrar
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi va Xovos transport prokuraturasi hamkorligida yo‘l infratuzilmasi ob’ektlarida qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida, «Sirdaryo yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasining sobiq mansabdor shaxslari tomonidan 2018-2021 yillarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari, ishchi xodimlarning ish haqlari va rag‘batlantirish pullari – jami 1 mlrd. 6 mln. 792 ming 703 so‘m talon-toroj qilinganligi aniqlandi.
Natijada holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi hamda unitar korxonaning sobiq rahbari «X.O.», sobiq bosh hisobchisi «S.Sh.», sobiq hisobchisi «X.S.», sobiq bo‘lim boshlig‘i «M.Sh.» va yana 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, sud idoralariga yuborildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayhunobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, aybdorlarga ozodlikdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa jazo turlari tayinlandi.
Talon-toroj qilingan 1 mlrd. 6 mln. 792 ming 703 so‘mdan 767 mln. 753 ming 402 so‘mi sud va tergov davrida davlat foydasiga undirildi, qolgan 239 mln. 39 ming 301 so‘mi Majburiy ijro byurolariga majburiy tartibda undirish uchun yuborildi.
O‘zA