Jey Di Vens: Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishi Tramp ma’muriyatining asosiy yutug‘idir
AQSH tomonidan Ukrainaga bevosita qurol yetkazib berish to‘xtatilishi qarori Tramp ma’muriyatining asosiy yutug‘i sifatida baholanmoqda. Shuningdek, Kiyevga ajratilgan mislsiz mablag‘ taftish qilinishi kutilyapti.
AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Ukrainaga bevosita qurol-yaroq yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi qarorni Tramp ma’muriyatining eng katta yutuqlaridan biri deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Vashington endilikda Kiyev uchun harbiy texnika sotib olish va jo‘natish amaliyotidan voz kechgan. Agar Yevropa davlatlari zarur deb topsa, Ukrainani mustaqil ravishda qo‘llab-quvvatlashlari mumkin. Vensning fikricha, moliyalashtirishni to‘xtatish qarori bugungi kunda o‘zini to‘la oqlamoqda. Bu haqda CNBC xabar bermoqda.
Bundan tashqari Prezident Donald Tramp avvalgi ma’muriyat tomonidan Ukrainaga ajratilgan mablag‘ni sinchiklab tekshirish zarurligini ta’kidlamoqda. Amerika yetakchisi aytishicha, Jo Bayden davrida Kiyevga jami 350-400 milliard dollar miqdorida yordam ko‘rsatilgan.
Qolaversa, AQSH rahbari Ukraina Amerika ko‘magisiz uzoq vaqt qarshilik ko‘rsata olmasligiga e’tibor qaratib, Qo‘shma Shtatlar ushbu nizoga faol jalb etilishini bevosita sobiq Prezident Baydenning noto‘g‘ri siyosati bilan bog‘ladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA