Jarayon sakkiz kunga qisqardi
Milliy matbuot markazida “Davlat moliyasini isloh qilishning g‘aznachilik tizimi. Davlat byudjetining g‘azna ijrosi, asosiy vazifalar va rivojlantirish istiqbollari” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida “Davlat moliyasini isloh qilishning g‘aznachilik tizimi. Davlat byudjetining g‘azna ijrosi, asosiy vazifalar va rivojlantirish istiqbollari” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.O‘zbekiston Moliya vazirligi G‘aznachiligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida Davlat byudjeti mablag‘larini boshqarish, maqsadli foydalanish, xarajatlarni moliyalashtirishda yangicha mexanizmlar va uslublarni joriy etish bosqichma-bosqich amalga oshirilganligi, xalqaro standartlarga javob beradigan, rivojlangan mamlakatlar moliya tizimining ilg‘or tajribasini o‘zida mujassam etgan milliy g‘aznachilik tizimi yaratilganligi ta’kidlandi.
Mamlakatimizda Davlat byudjetining g‘azna ijrosi tizimiga o‘tilishi byudjet mablag‘larini maqsadli yo‘naltirish ustidan nazorat mexanizmini yaratishda qo‘l kelmoqda.
– G‘aznachilik tizimi samaradorligi 2005-yilda Samarqand va Tayloq tumanlarida o‘tkazilgan sinovlarda isbotlandi, – deydi O‘zbekiston Moliya vazirligi G‘aznachiligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilshod Po‘latov. – Shunga qadar byudjet tashkilotlarining mablag‘lari bankdagi hisobraqamlarda tarqoq holda bo‘lib, maoshlar yoki mahsulot yetkazib beruvchiga mablag‘ yetib borguncha 8-10 kun o‘tardi. Endi bunga barham berilib, eskirib qolgan va samarasiz hisoblangan mexanizmlar bekor qilindi. Tijorat banklarining hisobraqamlarida ko‘plab miqdorda to‘planib yotgan byudjet mablag‘lari Yagona g‘azna hisobvarag‘iga jamlandi. Buning evaziga to‘lovlarni amalga oshirish, jumladan, ish haqini to‘lash muddatlari qisqarib, byudjet mablag‘larining aylanish tezligi oshdi.
2012-yildan tizimga Yagona g‘azna hisobvarag‘i orqali xarajatlarni amalga oshirish hamda dastlabki va joriy nazorat mexanizmi joriy etildi. Shuningdek, byudjet tashkilotlari bilan tovar yetkazib beruvchilar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni xarajatlar smetasi doirasida, belgilangan maqsadlarga yo‘naltirilishi ustidan qat’iy nazorat tizimi o‘rnatildi.
2007-2015-yillar davomida sohada qabul qilingan yetmishdan ortiq normativ hujjatlar o‘z samarasini bermoqda. Endilikda O‘zbekistonga kelayotgan barcha turdagi, jumladan, nomoddiy shakldagi muruvvat yordami va texnikaviy ko‘maklashish vositalarining tizimli hisob-kitobini yuritish, bojxona to‘lovlari bo‘yicha tushumlarni g‘aznachilik hisobvarag‘iga qabul qilish, vazirliklar va idoralarning barcha byudjetdan tashqari jamg‘armalariga g‘aznachilik ijrosi tartibi joriy etildi. O‘tgan yillarda mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi 2 trillion 590 milliardga, kreditor qarzdorlik vujudga kelishi 1 trillion so‘mdan ko‘pga qisqardi.
Matbuot anjumanida G‘aznachilik tizimida davlat moliyasini boshqarishning yagona axborot tizimini joriy etish, xalqaro standartlarga tayangan holda davlat sektori uchun buxgalteriya hisobining milliy standartlarini ishlab chiqish va boshqa tadbirlar rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.