Janubda O‘zbekiston – Gruziya zaytun bog‘i barpo etilmoqda
Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanidagi Bog‘bonlar yurti mahallasida tashkil etilayotgan O‘zbekiston – Gruziya zaytun bog‘iga yaxshi niyatlar bilan dastlabki ko‘chatlar qadaldi.

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi Xalqaro zaytun kengashi hamda Gruziyaning “Svanidze Olive Oil” kompaniyasi hamkorligida barpo etilayotgan noyob bog‘ o‘n gektar maydonni egallaydi. Bu yerga Gruziyadan keltirilgan 4 ming 200 dona zaytun ko‘chati tajriba sifatida ekiladi.
Shu munosabat bilan vohaga safar qilgan Gruziyaning “Svanidze Olive Oil” kompaniyasi rahbari, Xalqaro zaytun kengashi faxriy prezidenti Georgiy Svanidze boshchiligidagi delegatsiya dastlab Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov bilan uchrashdi.

Mamlakatimizning Gruziya davlati bilan hamkorlik aloqalari keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 5 mart kuni yurtimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan va davlatlarimiz hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb etish yuzasidan o‘zaro muvofiqlashgan choralar ko‘rish muhimligini ta’kidlagan эди.
Mo‘’tadil ob-havo sharoitiga ega janubdagi vohada tashkil etilayotgan O‘zbekiston – Gruziya zaytun bog‘i ham mamlakatlarimiz o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan ko‘p qirrali ishonchli hamkorlik munosabatlari samarasidir.

Samimiy muloqot chog‘ida shu haqda atroflicha fikr almashilib, mehmonlarga viloyatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlari, investitsion salohiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Vohada zaytun yetishtirish va qayta ishlash loyihasini amalga oshirish muhokama etilib, tegishli kelishuvga erishildi.
Shu kuni mehmonlar yangi zaytunzor barpo etilayotgan Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi tanlagan hudud bilan tanishdi. Tuproqning unumdorligi va suv ta’minoti bilan qiziqdi. Yangi mevali bog‘ga ko‘chat ekishni boshlab berdi.
– Yerga ko‘chat qadashda ulug‘ niyatlar qilishning ham o‘ziga xos fazilati bor, – deydi Gruziyaning “Svanidze Olive Oil” kompaniyasi rahbari, Xalqaro zaytun kengashi faxriy prezidenti Georgiy Svanidze. – Qadimdan zaytun salomatlik, hayot va unumdorlik daraxti sifatida ta’riflanadi. Keling, bu yerda birgalikda barpo etayotgan zaytunzorimiz ham ming yillar hosil bersin. Mevasi mo‘l, barakali bo‘lsin. Ko‘chat to‘liq ekib bo‘lingach, tajribali ziroatshunoslarimiz kelib, uni parvarishlash agrotexnologiyasini o‘rgatadi. Yoshlardan yetuk mutaxassislar tayyorlashga ko‘maklashamiz. Bugun yurtingizda ilk yirik zaytunzorga asos solingani va O‘zbekistonning Xalqaro zaytun kengashi a’zosi bo‘lgani bilan qutlayman.

Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi dalada zaytun ko‘chatining yetti navini ekib, sinovdan o‘tkazadi. Sovuqqa chidamli bu navlarning viloyat iqlimiga moslashgani keng maydonlarda ekib, parvarishlashga tavsiya etiladi. Zaytunzor tashkil etishning ilk bosqichida ming gektar bog‘ barpo etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, zaytun mevasidan inson salomatligi uchun foydali yog‘ olinadi. U xolesterin darajasini pasaytiriladi. Ateroskleroz, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, alsgeymer va boshqa kasalliklarning oldini oladi. Bu yog‘ yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega bo‘lib, angina, milk kasalliklari, tromboflebit, oshqozon yarasi va boshqa infeksiyalardan himoya qiladi. Shu bois shifokorlar oshqozon yarasi uchun buyuradigan birinchi davolovchi parhez jadvalida zaytun yog‘i asosiy rol o‘ynaydi. Zaytun yog‘i tarkibidagi oleyk va linoleik kislotalar, A, D, E, K vitaminlari uning shifobaxsh xususiyatlarini ta’minlaydi.

– Ko‘chatlar 4 yilda hosilga kiradi, – deydi Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Bandixon ilmiy stansiyasi direktori Sirojiddin Abdushukurov. – Bir gektar maydondagi daraxtdan 15 tonnagacha meva olish mumkin. Uning ko‘chatlari invitro usuli va qalamchasidan ko‘paytirilmoqda.
Safar doirasida mehmonlar Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Agro Processing Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va quritish, Termiz tumanidagi “Gold Dried Fruits Export” mas’uliyati cheklangan jamiyatining meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash klasteri faoliyati, O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasidagi zamonaviy “Termiz” xalqaro savdo markazi erkin savdo zonasi bilan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri