Jamshid Qo‘chqorov Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari -iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yaponiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Xirata Kendzi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar mavjud hamkorlik loyihalarini rivojlantirish va yangi tashabbuslarni amalga oshirishning ahamiyatini qayd etdi.
Shuningdek, muloqotda asosiy e’tibor energiya samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish va inson kapitalini kuchaytirish masalalariga qaratildi. Shu bilan birga, “Bir qishloq - bir mahsulot” dasturi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirish, mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq hududlarida bandlikni oshirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur uchrashuv doirasida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) ishtirokida ikki muhim loyiha yuzasidan notalar almashinuvi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, birinchi loyiha ijtimoiy binolarda energiya samaradorligini oshirish bo‘lib, uning doirasida mamlakatdagi maktablar va tibbiyot muassasalari zamonaviy energiya tejamkor uskunalar bilan jihozlanadi. Loyiha tufayli davlat muassasalarida energiya sarfini kamaytirish va resurslardan samarali foydalanish ta’minlanadi.
Ikkinchi loyiha esa sanoatda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, u korxonalarda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi. Shuningdek, korxonalar uchun energiya tejovchi uskunalarga investitsiya kiritish maqsadida past foizli va uzoq muddatli kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, amaliy loyihalarni kengaytirish hamda belgilangan yo‘nalishlarda izchil hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA