Jahon chempionatining yana ikkita ishtirokchisi nomi ma’lum
Shvetsiya va Turkiya mundialda.
Jahon chempionatining yana ikkita ishtirokchisi nomi ma’lum
Bugun UEFAning pley-off bosqichidan o‘rin olgan 4ta uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kerak edi va ularning ikkitasi o‘z yakuniga yetdi.
Shvetsiya 3:2 Polsha
Shvetsiya mezbonlik qilgan bellashuvda muxlislar gollar shousiga guvoh bo‘ldi. Dastlab, 20-daqiqada Antoni Elanga gol urib, mezbonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan 13 daqiqa o‘tib, Nikolo Zalevski muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqasida esa Lagenberke yana mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq ikkinchi bo‘limning 10-daqiqasida mehmonlar futbolchisi Sviderski hisobni tenglashtirdi. O‘yin yakuniga 2 daqiqa qolganida esa shvedlar forvardi Viktor Gyokeresh gol urib, jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqdi. Yakuniy hisob 3:2 Shvetsiya mundialda. Endi ular mundialning "F" guruhida Niderlandiya, Yaponiya hamda Tunis bilan bahs olib boradi.
Kosova 0:1 Turkiya
Futbolida katta o‘sish kuzatilayotgan Kosova o‘z tarixida ilk bor mundial saralashining so‘nggi raundigacha yetib keldi. Pley-offning final bosqichida ularga kun sayin tarkibi kuchayib borayotgan Turkiya raqiblik qildi. O‘yin taqdirini esa Kerim Akturko‘g‘lu tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi va turklar uzoq muddatdan so‘ng Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Turkiya Jahon chempionatida "D" guruhida bahslarga kirishadi. Ularga Avstraliya, Paragvay va mezbon AQSH terma jamoasi raqiblik qiladi.