Jahon chempionatidan 3 ta medal...
Portugaliyaning Madeyra shahrida para suzish bo‘yicha tashkil etilgan Jahon chempionatida matonatli sportchilarimiz 62 ta davlatning eng kuchli sportchilari bilan kechgan murakkab bahslarda 2 ta bronza, 1 ta kumush, jami 3 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Erkaklar o‘rtasida S13 klassida 50 metr masofaga erkin usulda suzish bahsida "Tokio-2020" yozgi Paralimpiya o‘yinlari sovrindori Islam Aslanov 24.38 soniya natija bilan marraga uchinchi bo‘lib yetib kelib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Islom shuningdek, 100 metrga batterflyay usulda suzish bo‘yicha ham bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yana bir sportchimiz Muzaffar Tursunxo‘jayev 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida Jahon chempionatining kumush medaliga musharraf bo‘ldi.
Jahon chempionati yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Italiya vakillari 27 ta oltin medal bilan 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, AQSH va Braziliya para suzuvchilari keyingi qatorlardan joy olishdi.
Musobaqa yakunida kelgusi Jahon chempionati 2023 yilning 31 iyul-6 avgust kunlari Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida o‘tkazilishi e’lon qilindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA