Jahon chempionatidagi muvaffaqiyat
Gruziyaning Tbilisi shahrida yigirma yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolari bitta oltin, uchtadan kumush va bronza medal bilan taqdirlandi.
Gruziyaning Tbilisi shahrida yigirma yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasida o‘tgan jahon chempionatida terma jamoamiz a’zolari bitta oltin, uchtadan kumush va bronza medal bilan taqdirlandi.Nufuzli musobaqa g‘olib va sovrindorlarini Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi va sport jamoatchiligi vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida mamlakatimiz sportchilari nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishmoqda.
Yigirma yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi jahon chempionatida yoshlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘zbek sportchilari hech kimdan kam emasligini yana bir bor isbotladi.
Dunyoning 47 davlatidan 250 dan ziyod sportchi ishtirok etgan chempionatda iqtidorli polvonimiz Farhod Sobirov vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan atletlar bahsida ikkikurash yakuni bo‘yicha 373 kilogramm natija qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi. Polvonimiz shtangani dast ko‘tarishda 170 kilogramm, siltab ko‘tarishda esa 203 kilogramm natija bilan ikkita kumush medalga ham ega bo‘ldi.
Vazni 77 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan Shahzod Xudoyberganov shtangani siltab ko‘tarishda 184 kilogramm natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Vazni 58 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar bahsida Muattar Nabiyeva shtangani dast ko‘tarishda 95 kilogramm, siltab ko‘tarishda 112 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra, 207 kilogramm marrani zabt etib, uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
– Biz erishayotgan bunday muvaffaqiyatlar zamirida Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning o‘z iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar mujassam, – deydi Farhod Sobirov. – Maqsadimiz Vatanimiz sharafini xalqaro miqyosda yanada ulug‘lash va Prezidentimizning, xalqimizning ishonchini oqlashdir.