Jahon chempionatida porlashi kutilayotgan futbolchilar (2-qism)
Ushbu mundialda yorqin o‘yinlar ko‘rsatib, o‘zini namoyish qilishi kutilayotgan 3 nafar futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
Joriy yilning iyun va iyul oylarida AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlari Jahon chempionati bahslariga mezbonlik qiladi. Ushbu mundialda yorqin o‘yinlar ko‘rsatib, o‘zini namoyish qilishi kutilayotgan 3 nafar futbolchilar haqida to‘xtalib o‘tamiz.
1. Nikolas Pas (Argentina)
Italiyaning "Komo" klubi sharafini himoya qilayotgan argentinalik futbolchi ayni vaqtda o‘zining praym davrini o‘tkazmoqda desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Futbolchi italyan klubining tom ma’nodagi yetakchisiga ham aylanib ulgurdi. Mart oyida bo‘lib o‘tgan FIFA kunlari doirasida "albesete" tarkibida o‘rtoqlik o‘yinlarida ham o‘zini iste’dodini namoyon qilishga ulgurdi. Ayniqsa, Madagaskarga qarshi bahsda jarima zarbasini qoyilmaqom tarzda amalga oshirib, raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Italiya chempionati doirasida ham deyarli har bir o‘yinda gol yoki assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ymoqda. Pas joriy mavsumda umumiy 34ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘n bitta gol va oltita golli uzatmani amalga oshirdi.

2. Kenan Yildiz (Turkiya)
Turkiya terma jamoasi yulduzi o‘zining to‘p bilan chiroyli harakat qilishi va kuchli driblingi bilan uncha-muncha himoyachini aqldan ozdirmoqda. Uning tezlik bilan jarima maydonchasiga yorib kirishi katta tezlikda amalga oshiriladi. To‘pga trayektoriya berishi esa "Liverpul"da porlagan Filippe Koutinyoni eslatib yuboradi. Turinning "Yuventus" klubini hozirda Yildizsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. 20 yoshida Kenan top klubning yetakchisiga aylanishga ulgurdi. Turkiya terma jamoasi safida ham uning qanotidan uyushtirilgan hujumlar doimo xavfli ko‘rinish olmoqda. Jahon chempionati saralash o‘yinlarida ham aynan u katta sahnaga chiqdi desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. Yildiz joriy mavsumda barcha turnirlarda umumiy 41ta uchrashuvda maydonga tushib, 11ta gol va 10ta golli uzatmani o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi.

3. Niko O’Rayli (Angliya)
"Manchester Siti"ning iqtidorli himoyachisi Niko ayni vaqtda fenomenal tarzda o‘yin ko‘rsatmoqda. U nafaqat himoyada balkim, yarim himoyachi va vinger vazifasini ham ideal tarzda bajarib bermoqda. "Shaharliklar"ning so‘nggi o‘yinlarida esa aynan O’Rayli katta sahnaga chiqmoqda. Ayniqsa, Angliya kubogida "Arsenal"ga qarshi o‘yin uning benefisiga aylandi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nikoning o‘yin uslubi har qanday murabbiy uchun ham foydali bo‘ladi. Qanotdan markazga yorib kirish borasida esa uncha-muncha vingerlarga dars berib qo‘yishi mumkin. U mart oyida bo‘lib o‘tgan FIFA kunlari doirasidagi Yaponiya qarshi bahsda ham inglizlar safida maydonga tushdi. 21 yoshli futbolchi joriy mavsumda umumiy 45ta bellashuvda maydonga tushib, 6ta gol urdi va 4ta assistni amalga oshirdi.
