“Jahon chempionati – 2026”: “I” guruhida Holand va Mbappe to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz
Dunyo futbol ixlosmandlari intiqlik bilan kutayotgan 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida har bir guruhdagi bahslar keskin va murosasiz kechishi kutilmoqda.
Qur’a natijalari ayrim terma jamoalarning nisbatan qulay guruhdan joy olganini ko‘rsatmoqda. Xususan, Yevropaning yetakchi jamoalaridan sanalgan Fransiya va Norvegiya termalari "I" guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, ularga Senegal va Iroq terma jamoalari raqiblik qiladi.
Albatta, Jahon chempionatida zaif raqibning o‘zi bo‘lmaydi. Senegal Afrika futbolining eng kuchli vakillaridan biri sanalsa, Iroq terma jamoasi ham Osiyo mintaqasida o‘zining hujumkor o‘yini bilan tanilgan. Biroq, mutaxassislar fikricha, Fransiya va Norvegiya termalari tarkib, tajriba hamda reyting nuqtai nazaridan mazkur guruhning asosiy favoritlari hisoblanadi.

Shu o‘rinda ushbu to‘rtta terma jamoaning mundial sari qanday yetib kelganini yodga olishni lozim topdik.
Fransiya terma jamoasi Yevropa mintaqasi saralash bosqichining “D” guruhida muvaffaqiyatli ishtirok etib, 5 ta g‘alaba va 1 ta durang bilan 16 ochko jamg‘ardi hamda o‘z tarixida 17-marotaba Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Fransuzlar mundiallar tarixidagi eng muvaffaqiyatli jamoalardan biri hisoblanadi. Ular 1998 va 2018-yillarda Jahon chempioni bo‘lgan bo‘lsa, 2006 va 2022-yillarda kumush, 1958 hamda 1986-yillarda bronza medallariga sazovor bo‘lgan.

Norvegiya terma jamoasi ham saralash bosqichida ishonchli o‘yin namoyish etdi. Yevropa mintaqasi “I” guruhida ishtirok etgan skandinaviyaliklar Italiya, Isroil, Estoniya va Moldova termalariga qarshi o‘tkazilgan barcha uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, 24 ochko bilan mundial ishtirokchisiga aylandi. Ayniqsa, jamoaning hujum chizig‘idagi yetakchisi Erling Holand yuqori natija qayd etdi. Norvegiya saralash bahslarida jami 37 ta gol urgan bo‘lsa, ularning 16 tasi Holand hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu esa Jahon chempionati saralashlari tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

Afrika mintaqasi saralash bahslarida Senegal terma jamoasi “V” guruhida 10 ta uchrashuvda 24 ochko jamg‘arib, o‘z tarixida to‘rtinchi bor Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Iroq terma jamoasi mundialgacha ancha murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. Jamoa Osiyo mintaqasi saralashining ikkinchi davrasida “F” guruhida 18 ochko bilan birinchi o‘rinni egalladi. Keyingi bosqichda esa “V” guruhida 15 ochko to‘plab, uchinchi o‘rindan joy oldi va mundial uchun kurashni davom ettirish imkoniyatini saqlab qoldi.

Navbatdagi saralash bahslarida iroqlik futbolchilar Saudiya Arabistoni va Indoneziya termalari bilan raqobatlashdi. Ular 4 ochko jamg‘argan bo‘lsa-da, to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘rinni egallab, keyingi raundga yo‘l oldi. Shundan so‘ng hal qiluvchi uchrashuvda Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etib, qit’alararo pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Qit’alararo pley-off finalida esa Boliviya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi. Shu tariqa mundialning “I” guruhidagi jamoalar dunyo birinchiligiga yetib keldi.
Ushbu guruhdagi ilk bahslar 16-iyun kuni boshlanadi. Shu kuni Nyu-Jersi shtatidagi “MetLayf” stadionida Fransiya va Senegal terma jamoalari o‘zaro kuch sinashsa, Massachusets shtatida joylashgan “Jillett” stadionida Iroq hamda Norvegiya jamoalari maydonga chiqadi.
Ikkinchi tur uchrashuvlari 22-iyun kuni o‘tkaziladi. Filadelfiya shahridagi “Linkoln Faynenshl Fild” arenasida Fransiya Iroqqa qarshi bahs olib boradi. Shu kuni “MetLayf” stadioni Norvegiya va Senegal terma jamoalari o‘rtasidagi muhim to‘qnashuvga mezbonlik qiladi.
Guruh bosqichining so‘nggi turi 26-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Massachusetsdagi “Jillett” stadionida Fransiya va Norvegiya terma jamoalari o‘zaro hisob-kitob qiladi. Toronto shahridagi “Bi-Em-O Fild” stadionida esa Senegal va Iroq jamoalari maydonga tushadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA