“Jahon adabiyoti”ning yangi soni nashrdan chiqdi...
Jahon adabiyoti deganda ko‘z o‘ngimizda avvalo milliy adabiyotimiz doirasidan tashqaridagi eng sara deya tan olingan asarlar va ularning mualliflari gavdalanadi.
Nafsilambrini aytganda, bu asarlar qanday mezonlar bilan o‘lchanib, saraligi aniqlanadi, degan shubhali o‘y ko‘ngilga kelaveradi. Jahon adabiyoti vakillari deb nom olgan “temir daftar”ga boqib turib ham shu o‘y tinchlik bermaydi. Ochig‘ini aytish kerak, har ikki ro‘yxat ham nisbiy. Bu ro‘yxatga istagan kitobxon ham kiritib qo‘yishi mumkin bo‘lgan adiblar bo‘ladi. Masalan, men kecha chin dunyoga safar qilgan kamsuqum yozuvchimiz Olim Otaxon va bir necha shoir-yozuvchilarimizni ushbu ro‘yxatda ko‘raman.
O‘quvchi vaqt sarflab o‘qiyotgan mutolaasidan nimadir olishi, ko‘ngli to‘lishi kerak. Aks holda hammasi bir pul. Bunday asar va uning muallifi nomini na milliy, na dunyo adabiyoti vakillari ro‘yxatiga tirkab bo‘ladi.
Bu gaplardan murod, “Jahon adabiyoti”ning yangi – iyul oyi soni nashrdan chiqdi. Jurnalni sevib o‘qiydigan muxlislari ko‘p. Xo‘sh, yangi sonda nimalarni o‘qiymiz?..
Jurnal muharriri o‘zbek bolalar adbiyotida Xudoyberdi To‘xtaboyev, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon kabi so‘z ustalaridan keyin yuzaga kelgan bo‘shliqni to‘ldirish uchunmi atoqli bolalar adibi, shvetsiyalik Selma Ottiliya Loviza Lagerlyofning “Nilsning yovvoyi g‘ozlar bilan sayohati” ertak-qissasini bergan. Asarni shoir Ochil Tohir ruschadan o‘zbek tiliga o‘girgan. Ochil akaning o‘zi ham bolalarga bag‘ishlab ko‘plab she’r, hikoyalar yozgan. Shu bois, bu tarjima shunchaki, o‘girilgan deb bo‘lmaydi. Qolaversa, tarjima ustoz Ahmadjon Meliboyevning chig‘iriqlaridan o‘tgan. Muallif – dunyoga bola nigohi bilan boquvchi, o‘zi ham boladek samimiy, yozish uslubi o‘ziga xos, Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi ayol yozuvchi. “Nilsning yovvoyi g‘ozlar bilan sayohati” qissasi sizni ham beg‘ubor faslga qaytaradi, bolalik dunyosiga hayrat bilan boqasiz...
Salim Ashur tarjimasida latviyalik shoir Oyar Vatsiyetisning she’rlarini o‘qib huzur qilasiz. Darvoqe, Oyar Vatsiyetisni Boltiq bo‘yida “Kichik xalqqa taqdir in’om etgan ulkan tuhfa” degan hech bir qalam ahliga nasib etmagan “unvoni” bor.
Jurnaldan adabiyotshunoslik – ma’naviyatga bag‘ishlangan maqolalar, ilmiy tadqiqotlar ham o‘rin olgan. Shoir va adib Iqbol Mirzo tarjimasida G.Gorinning “Til afsonasi” dramasi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining “Kleopatra” tarixiy romani, Abdulla A’zamning “Abrorlar hayrati” essesining davomini o‘qigan o‘quvchi jurnalning yangi sonidan qoniqish hosil qilishi mumkin.
A.Narzulloyev, O‘zA