Izlagan imkon topar, izlamagan bahona
Xalqimizda «Izlagan imkon topar, izlamagan bahona», degan maqol bor.
Bu, albatta, bejizga emas. Navoiy viloyati Navbahor tumanida yashovchi Dilfuza Jumayeva ham ana shunday imkon izlab, intilayotgan ayollardan biri.
Dilfuza opa 28 yildan beri Navbahor kasb-hunar kollejida o‘quvchilarga qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida saboq berib keladi. Tinib-tinchimas ayol mana shu muddat davomida sohani qanday rivojlantirish va hosildorlikni oshirish haqida turli tadqiqotlar olib bordi, izlanishlar bilan band bo‘ldi. Ayni paytda u biogumus yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan.
Biogumus – organik chiqindilarni kaliforniya qizil chuvalchanglari yordamida qayta ishlab hosil bo‘lgan tabiiy toza faol qo‘shimchalarga boy o‘g‘itdir. U urug‘larning tez rivojlanishini ta’minlab, ildiz shakllanishini pag‘batlantipadi. Mazkur o‘g‘it yordamida yerning 70-80 foizgacha hosildorligi oshiriladi va yildan-yilga o‘z immunitetini tiklab, to‘yingan sog‘lom fermentlarini boyitib boradi.
– Andijonda biogumus yetishtirish ancha rivojlangan, – deydi Dilfuza Jumayeva. – Men ularning tajribasini o‘rganib, kollej hovlisidan ajratib berilgan yerda va o‘z uyimda biogumus yetishtirishni yo‘lga qo‘yganman. Eng yaxshi tomoni, biogumus yetishtirish alohida muayyan vaqt, kuch yoki e’tibor talab qilmaydi. Uni barcha yurtdoshlarimiz o‘z uyida tashkil etib, qo‘shimcha daromad olishi mumkin.
Chuvalchanglarga katta va unumdor yer bo‘lishi shart emas. Ularni oziqlantirish uchun oddiy hayvonlar go‘ngi bo‘lsa yetarli. Chuvalchang o‘zi iste’mol qilgan bir tonna go‘ngning 60 foizini qayta ishlab beradi va atrof-muhit tozaligini ta’minlaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 metr kvadrat maydonga 50 ming bosh chuvalchang joylashganda, har biri 0,02 gr biogumus beradi. Har bir metr kvadrat maydondagi bir kunlik biogumus miqdori 1 kg bir oyda esa 30 kg ni tashkil etadi. Ichki bozorda 1 kg biogumusning ulgurji narxi 1000 so‘mga to‘g‘ri keladi. 1 metr kvadrat bo‘sh yotgan maydondan bir oyda 30 ming so‘m daromad olish mumkinligini aytadi D.Jumayeva.
Agar qishloq xo‘jaligida mazkur o‘g‘it yetishtirish yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, juda katta foyda olish mumkin. Issiqxona va qishloq xo‘jaligi uchun yer unumdorligini oshirish bilan birga kimyoviy o‘g‘itlarga sarflanayotgan xarajat tejaladi. Shuningdek, jarayon 5-6 oyda o‘z samarasini berib, aholi bandligini ta’minlash va ularga o‘z daromadini oshirishda qo‘l keladi.
«Albatta, hech bir ish osongina hal bo‘lmaydi. Buning uchun insonda bilim, sabr va albatta, intilish bo‘lishi kerak», deydi Dilfuza Jumayeva.
Xotin-qizlar orasida shunday tashabbuskor, jonkuyar, imkoniyatdan unumli foydalanishga intiladigan ayollar borligi quvonarli, albatta.
Elyor Bobonazarov,
Navbahor tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari.