IT Park Uzbekistan Osiyo-Tinch okeani mintaqasining eng yaxshi bilimlar zonasi deb topildi
IT Park Uzbekistan "Global Free Zones of the Year Awards 2026" xalqaro mukofotida Osiyo-Tinch okeani mintaqasining «Yilning eng yaxshi bilimlar zonasi» nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.
Ushbu mukofot O‘zbekistonning IT sohasini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va malakali mutaxassislar tayyorlash borasidagi yutuqlari xalqaro e’tirofidir.
Bugungi kunda O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va IT sohasi uchun kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasi doirasida 1,7 million nafar yosh, «Besh million sun’iy intellekt yetakchisi» tashabbusi doirasida esa 1,3 million nafar ishtirokchi ta’lim olgan. Shuningdek, yosh mutaxassislarni xalqaro IT sertifikatlarini olishda qo‘llab-quvvatlash uchun 18 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Ayni paytda IT Park Uzbekistan ekotizimida 4 ming 100 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritib, ularda 56 mingdan ziyod mutaxassis mehnat qilmoqda. 1 100 dan ortiq eksportchi kompaniya dunyoning 102 ta davlatiga xizmat ko‘rsatmoqda. Mamlakatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari eksporti esa 1,1 milliard AQSH dollaridan oshgan.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning startap ekotizimi ham jadal rivojlanmoqda. “StartupBlink Global Startup Ecosystem Index 2026” reytingida mamlakat dunyodagi eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimlaridan biri sifatida e’tirof etildi.
IT Park Uzbekistan’ning xalqaro mukofotga sazovor bo‘lishi O‘zbekistonning mintaqaviy IT markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va global texnologiya bozoridagi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi muhim yutuq hisoblanadi.
N.Rahmonova,
O‘zA