Istiqboldagi rejalar belgilandi
Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-2019-yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Z.Ro‘ziyev boshqargan yig‘ilish sim orqali muloqot tarzida tashkil etildi. Yig‘ilishda xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat Kengashlari deputatlari, boshqarma va idoralar, yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari rahbarlari, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, kasb-hunar kollejlari direktorlari ishtirok etdi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan ishlar natijasi tahlil qilinib, asosiy e’tibor Prezidentimizning shu yil 16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash chora-tadbirlariga qaratildi. Viloyatda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 4,6 foizni, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 7,4, kapital quyilmalar hajmi 9,5, jami xizmatlar 15,9 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizni tashkil etdi.
Bandlik masalasini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, ularning asosiy qismi qishloq joylarda tashkil etildi.
Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish yanvar-iyun oylarida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 2,4 trillion so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Korxonalar tomonidan jalb etilgan mablag‘lar jami investitsiyalarning qariyb 52 foizini tashkil etdi. Investitsiyalarning 66,9 foizi ishlab chiqarish sohasiga jalb etildi.
Hisobot davrida sanoat dasturiga asosan 103,4 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 180 loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Ya’ni 95 yangi sanoat korxonasi ishga tushirilib, 85 sanoat korxonasida modernizatsiya ishlari bajarildi. Natijada viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan o‘tgan oylarda uchta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Prezidentimizning 2013-yil 2-avgustdagi “2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qarorga muvofiq, ushbu yillarda viloyatda jami 560 sanoat korxonasi ishga tushirilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 492 yangi sanoat korxonasi tashkil etildi.
O‘tgan yarim yilda viloyatning umumiy tashqi savdo aylanmasi 414,6 million dollarni tashkil etdi, shundan 130,9 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. Eksport salohiyatini mustahkamlash va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tufayli o‘tgan davrda 33 hududiy korxona tomonidan 22 turdagi mahsulot, jumladan, quritilgan meva-sabzavot, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yil oxiriga qadar sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi parametrlarini bajarish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.
Qashqadaryo viloyati faollari yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov so‘zga chiqdi.