“Iste’molchilar uyi” foydalanishga topshirildi
Farg‘ona shahrida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyat hududiy birlashmasi tomonidan yangidan qurib bitkazilgan zamonaviy “Iste’molchilar uyi” ochildi.
Tantanali tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi o‘rinbosari Burxonjon Qo‘ldoshev, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi, senator Zokirjon Rahmonovlar mazkur bino nafaqat yangi infratuzilma ob’ekti, balki iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiquvchi muhim institutsional markaz sifatida ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi.



“Iste’molchilar uyi” aholiga qulay va ochiq xizmat ko‘rsatish markazi sifatida tashkil etildi. Unda fuqarolarning murojaatlari, ariza va shikoyatlari tezkor qabul qilinadi, bepul huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatiladi, nizoli holatlarni sudgacha hal etish va mediativ xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.



Bu yerda, shuningdek, elektron xizmatlar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan.
Muhammadjon Obidov, O‘zA