Isteʼmolchi huquqi himoyada
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro Ismoil Toʻxtashev Qarshi shahrida joylashgan “Ideal” savdo doʻkonidan “Samsung A 10 C” rusumli uyali aloqa vositasini sotib oladi.
Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida yashovchi fuqaro Ismoil Toʻxtashev Qarshi shahrida joylashgan “Ideal” savdo doʻkonidan “Samsung A 10 C” rusumli uyali aloqa vositasini sotib oladi.
Biroq biroz vaqt oʻtib kreditga olingan 2 million 300 ming soʻmlik ushbu qoʻl telefoni davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi sababli ishlamay qoladi. Sotuvchilar esa aloqa apparatini almashtirish haqidagi talabni rad etadi.
Shundan soʻng fuqaro Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “ishonch telefoni”ga qoʻngʻiroq qilib, vaziyatni tushuntiradi.
Murojaat oʻrganilganda, fuqaro I.Toʻxtashev sotib olgan aloqa vositasi davlat roʻyxatidan oʻtmaganligi sababli kompaniya tomonidan oʻchirilganligi va ishlamay qolgani aniqlangan.
Federatsiya xodimlari tomonidan murojaatni oʻrganish jarayonida “Ideal” savdo doʻkoni sotuvchilariga Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari tushuntirilib, nuqsonli aloqa vositasi shu markadagi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan boshqa qoʻl telefoniga alshmashtirib berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Koson tumanining Pudina qishlogʻida yashovchi fuqaro Shokir Qurbonov “EASY BOOKING” aviachipta sotish xususiy korxonasi Qarshi filiali xizmatlaridan norozi boʻlib, Federatsiyaning hududiy ijro etuvchi organiga murojaat qilgan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro Sh.Qurbonov joriy yilning 2-sentyabr kuni Belarus davlatining Minsk shahriga charter reys orqali uchish uchun shoxobchadan 5 million soʻmga aviachipta sotib olgan. Biroq oilaviy sharoiti tufayli uchish imkoni boʻlmaganligi sababli chipta sotish shoxobchasiga uchrashib, belgilangan tartibda qayta hisob-kitob qilib, foydalanilmagan aviachipta pulini qaytarishlarini soʻragan. Shoxobcha sotuvchilari esa Sh.Qurbonovning talablarini eʼtiborsiz qoldirgan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning hududiy ijro etuvchi organi xodimlari tomonidan oʻrganilib, aviachipta puli qayta hisob-kitob qilinishi va isteʼmolchiga qaytarilishi taʼminlandi.