Istanbuldan jahon bozorlariga: o‘zbek mahsulotlarining yangi eksport manzillari
Global bozorlarda raqobat tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda milliy mahsulotlarni xorijiy bozorlarga olib chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro hamkorligini mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayni paytda Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilayotgan “F İstanbul 2026” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi o‘lkamiz tadbirkorlari uchun yangi bozorlarga chiqish va xorijiy xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish imkonini bermoqda.
Shu kunlarda “Istanbul Expo Center”da o‘tayotgan mazkur tadbir bu yil beshinchi bor tashkil etilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rgazma 60 ming kvadrat metrdan ortiq maydonni qamrab olgan bo‘lib, unda yuzlab kompaniyalar va mingga yaqin brendlar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazmaning asosiy yo‘nalishlari oziq-ovqat va ichimliklar, quruq mevalar, qandolat mahsulotlari, qayta ishlash hamda qadoqlash texnologiyalarini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikovning O‘zAga aytishicha, ko‘rgazmada mamlakatimizning oziq-ovqat mahsulotlari ham namoyish etilmoqda. Tadbirkorlarimiz Turkiya va boshqa davlatlardan kelgan yirik xaridorlar bilan muzokaralar olib borib, eksport shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishmoqda.

– “F İstanbul 2026” ko‘rgazmasining uchinchi kuni ham yakunlanmoqda. Aytingchi, mazkur yig‘inda tadbirkorlarimizning ishtiroki va xorijiy xaridorlarning mahsulotlarimizga e’tibori qanday bo‘lyapti?
– Ta’kidlash keraki, mazkur ko‘rgazmada O‘zbekistondan oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi 70 ga yaqin firma va ishlab chiqaruvchi korxona ishtirok etmoqda. Ular orasida quruq mevalar, salqin ichimliklar, jumladan, «Chortoq» mineral suvi va «Flavis» mahsulotlari, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat va makaron mahsulotlari, holva hamda boshqa o‘nlab tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar bor. Quvonarli jihati, diyorimiz mahsulotlariga xorijiy xaridorlarning qiziqishi yuqori bo‘lmoqda.

– Ko‘rgazma doirasida qaysi davlatlar tadbirkorlari bilan muzokaralar olib borilyapti? Shartnomalar tuzish bo‘yicha qanday natijalar bor?
– Shartnomalarning umumiy soni va qiymati bo‘yicha hali yakuniy tahlil o‘tkazilmadi. Lekin bir qator davlatlardan O‘zbekiston mahsulotlariga katta qiziqish bo‘lmoqda. Jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, O‘mon, Yaman, Suriya va Iroqlik tadbirkorlar mahsulotlarimizga alohida e’tibor qaratmoqda.
Yevropadan Italiya, Germaniya, Niderlandiya va Shvetsiya vakillari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan tadbirkorlar bilan ham savdo aloqalari o‘rnatilib, ayrim yo‘nalishlarda shartnomalar tuzildi.

– O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan soda va tuz mahsulotlariga xorijiy bozorlarda talab qanday?
– Bir vaqtlar iste’mol soda mahsuloti Rossiyadan import qilingan bo‘lsa, bugun yurtimizda ishlab chiqarilyapti va Shvetsiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni bozorlariga eksport qilinmoqda. Bu jihat eksport geografiyamizning kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
– Mayiz va go‘sht eksporti bo‘yicha O‘zbekistonda cheklovlar yo‘qmi?
– Yurtimizdan uzum va mayiz mahsulotlarini eksport qilishga umumiy taqiq mavjud emas. Bu mahsulotlar ko‘plab davlatlarga, jumladan, Turkiyaga ham eksport qilinmoqda. Go‘sht mahsulotlari eksportiga ham umumiy taqiq mavjud emas. Biroq eksportda belgilangan bojxona, veterinariya, sanitariya va boshqa talablarga rioya qilish zarur. Mahsulotni qaysi davlatga eksport qilishga qarab, o‘sha davlatning import talablari ham inobatga olinadi.
Men Turkiyaga go‘sht olib kelish masalasi bo‘yicha ham ishlaganman. Ayrim investorlar go‘sht eksporti imkoni yo‘qligini bildirgan edi. Aslida esa bunday masalalarda amaldagi tartib va talablarni aniq o‘rganish zarur. Tadbirkorlarimiz bu kabi masalalar bo‘yicha aniq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar O‘zbekiston Eksportchilar uyushmasiga murojaat qilishlari mumkin, biz ularga mavjud imkoniyatlar va tartiblar bo‘yicha yo‘nalish berishga tayyormiz.

– O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar xususida gapirsangiz.
– Turkiya O‘zbekistonning muhim tashqi savdo hamkorlaridan biri. Bugungi kunda o‘lkamizdan Turkiyaga kabel, mis mahsulotlari, yong‘oq, mag‘iz, turshak va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari eksport qilinmoqda. Qisqacha aytganda, ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi savdo munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda.
– Turkiya bozori o‘zbek eksportchilari uchun qanday imkoniyatlar taqdim eta oladi, deb o‘ylaysiz?
– Turkiya O‘zbekiston mahsulotlari uchun muhim bozorlardan biri. Istanbulning savdo va logistika nuqtai nazaridan qulay joylashuvi esa bu imkoniyatlarni yanada kengaytiradi.
Turkiya orqali Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq bozorlarida yangi hamkorlar topish, distribyutorlik tarmoqlarini rivojlantirish va eksport geografiyasini kengaytirish mumkin. Shu jihatdan “F İstanbul” kabi xalqaro ko‘rgazmalar o‘zbek tadbirkorlari uchun muhim biznes maydoni hisoblanadi.

– Aytingchi, tashqi bozorlarga chiqishda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari nimalarga ko‘proq e’tibor qaratishlari kerak?
– Avvalo, mahsulot xalqaro standartlarga javob berishi, qadoqlash va markirovka talablariga mos bo‘lishi, zarur sertifikatlarga ega bo‘lishi lozim.
Logistika, narx siyosati, marketing va xorijiy xaridorlar bilan ishlash ham muhim.
Mahsulot sifatli bo‘lishining o‘zi yetarli emas. Uni tashqi bozor talabiga mos ravishda taqdim etish, brendni shakllantirish va ishonchli hamkorlar bilan ishlash zarur.
Ayniqsa, xomashyo emas, qo‘shimcha qiymat yaratilgan tayyor mahsulotni eksport qilishga ustuvor ahamiyat berishimiz kerak.
Bu eksport tushumlarini oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

– Qaysi mahsulotlarning eksport salohiyati yuqori, deb hisoblaysiz?
– Quritilgan meva va sabzavotlar, qandolat mahsulotlari, milliy shirinliklar, ichimliklar va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari ekportida katta imkoniyat bor.
Eng muhimi, ishlab chiqarishdan tortib, qadoqlash, sertifikatlash va logistikagacha bo‘lgan jarayonlarni xalqaro bozor talablari asosida tashkil etish zarur.
– Suhbatimiz yakunida qo‘shimcha fikrlaringiz bo‘lsa, marhamat.
– Tadbirkorlarimiz tashqi bozorlarga chiqishdan qo‘rqmasligi kerak. O‘zbekistonning sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati va yirik eksport salohiyati juda yuqori.
Bu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun xorijiy bozorlarni o‘rganish, xalqaro standartlarga rioya qilish, sertifikat va hujjat talablarini bilish, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hamda ishonchli xorijiy hamkorlar bilan ishlash zarur.
Biz eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston mahsulotlarini yangi bozorlarga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikka doim tayyormiz. Fursatdan foydalanib, xalqimizni Istiqlolimizning 35 yillik bayrami bilan tabriklayman. Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Nodira Kayimova
Istanbul, Turkiya