Ispaniyada uy-joy inqirozi: hukumat shoshilinch choralar ko‘rmoqda
Ispaniyada uy-joy narxlari va ijara haqining oshib borishi ommaviy noroziliklarga sabab bo‘layotgan bir paytda hukumat shoshilinch tarzda hujjat paketini tasdiqladi.
Yangi choralar uy-joy ijarasi yoki xaridini yengillashtirish, ijarachilarni ko‘chirishdan himoya qilishni kengaytirish, xonalarni ijaraga berishni tartibga solish va mavsumiy ijaralarga yangi soliq joriy etishni nazarda tutadi. Shuningdek, ko‘chmas mulkni spekulyativ maqsadda sotib olishni cheklash hamda ijara va uy-joy to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirayotgan mulk egalari va ijarachilarga soliq imtiyozlari berish rejalashtirilgan.
Hukumat birinchi uyini sotib olish istagidagi fuqarolarga 50 ming yevrogacha kredit ajratish uchun 10 milliard yevrolik jamg‘arma ham tashkil etadi.
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mamlakat bundan buyon bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi. Uy-joy inqirozi bo‘yicha avvalgi favqulodda qarorlar parlamentda rad etilganidan keyin Sanches muddatidan oldin saylov o‘tkazishni 29-noyabrga belgilagan edi. Yangi choralar endi tarqatib yuborilgan parlament o‘rniga vaqtincha qonun chiqaruvchi organ tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Bu orada Barselonada uy-joy masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan namoyishlar to‘qnashuvlarga aylanib, ayrim faollar politsiyaga tosh otgan va chiqindi qutilarini yoqqan. Norozilar ijarachilar himoyasini kuchaytirish, firibgarlikka qarshi choralar ko‘rish va muqobil uy-joy berilmasdan turib aholini ko‘chirishlarni taqiqlashni talab qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA