Ishonch, sarmoya va istiqbol: Toshkent - Anqara muloqoti
Davlatlar o‘rtasidagi yaqinlik tarix va madaniyat bilan boshlanishi mumkin. Binobarin, jarayonning uzoq muddatli qiymati iqtisodiyot, texnologiya va boshqa sohalardagi umumiy manfaatda namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston va Turkiya munosabati ham shu yo‘ldan boryapti: bir vaqtlar qardoshlik tuyg‘usi bilan mustahkamlangan aloqa bugun sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, transport va ta’limni qamrab olgan strategik sheriklikka aylandi.
29-30-oktabr kunlari Anqarada o‘tkazilishi rejalashtirilgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti arafasida ikki tomonlama hamkorlikning yangi imkoniyatlari alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zA muxbiri siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayev bilan suhbatda strategik sheriklikning bugungi mazmuni va kelgusi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.
– O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari tarixiy yaqinlikdan keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga qanday ko‘tarildi?
– Bu jarayon asosida o‘zaro ishonch, siyosiy iroda va umumiy manfaat mujassam. 1991-yil Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan oldi, 1992-yil diplomatik munosabat o‘rnatildi. Keyingi davrda hamkorlik turli bosqichlardan o‘tdi. 2016-yil aloqalarga yangi sur’at berildi, 2022-yil esa har tomonlama strategik sheriklik maqomi qaror topdi.
Bugun munosabatlar Prezidentlar muloqoti bilan birga Hukumatlararo komissiya, Strategik hamkorlik va Ishbilarmonlar kengashlari orqali ham rivojlanmoqda. Bu mexanizmlar kelishuvlarni muayyan soha va loyihalar bilan bog‘lash imkonini beradi. Eng muhimi, sheriklikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitib, uzoq muddatli asosni mustahkamlaydi.
– Iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda qaysi yo‘nalishlar kengroq imkoniyatga ega?
– Savdo va investitsiya bilan bir qatorda sanoat kooperatsiyasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Turkiyaning ishlab chiqarish va texnologiya sohasidagi tajribasi O‘zbekiston sanoat salohiyati bilan uyg‘unlashsa, qo‘shma korxonalar tashkil etish va tayyor mahsulot eksportini oshirish imkoni kengayadi.
Konchilik va metallurgiya, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va yashil energetika istiqbolli yo‘nalishlar hisoblanadi. Bu jarayonda faqat sarmoya jalb qilish emas, balki zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirish, mahalliy mutaxassislar tayyorlash va yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqarish muhim.
Tovar aylanmasini qisqa muddatda 5 milliard dollarga, uzoq istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Buning uchun tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqani kengaytirish, o‘zaro savdoni rag‘batlantiruvchi mexanizmlardan samarali foydalanish lozim.
– Transport va logistika hamkorligi O‘zbekistonning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini qay darajada kengaytiradi?

– O‘zbekiston va Turkiyaning geografik joylashuvi o‘zaro transport zanjirining ahamiyatini ko‘rsatadi. Ya’ni, O‘rta yo‘lak orqali Markaziy Osiyoni Kavkaz, Turkiya va Yevropa bozori bilan bog‘lash imkoni mavjud. Shuningdek, Turkmaniston va Eron orqali o‘tuvchi janubiy yo‘nalish ham transport aloqalari diversifikatsiyasiga xizmat qiladi.
Ayni jarayonda temir yo‘l va port infratuzilmasini rivojlantirish, logistika markazlari tashkil etish, elektron hujjat aylanishini joriy qilish muhim. Transport tizimi samaradorligi tadbirkorlar uchun yangi bozorlarga chiqish va mahsulotni raqobatbardosh narxda yetkazib berish imkoniyatini kengaytiradi.
– Zamonaviy texnologiya va harbiy-texnik sohadagi hamkorlik ikki davlat sherikligida qanday ahamiyat kasb etadi?
– Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – texnologiya va mutaxassislar salohiyatini birlashtirish. Harbiy-texnik sohada kadrlar tayyorlash, tajriba almashish, harbiy tibbiyot va zamonaviy texnologik yechimlar bo‘yicha hamkorlik rivojlanmoqda.
Kelgusida texnik xizmat ko‘rsatish, ayrim butlovchi qismlarni mahalliylashtirish va muhandislik kadrlarini birgalikda tayyorlash kabi yo‘nalishlar ahamiyati ortadi. Raqamli texnologiya va kiber xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Umuman, sheriklik O‘zbekistonning milliy manfaati, mustaqil tashqi siyosati va mavjud xalqaro majburiyatlariga muvofiq rivojlanmoqda.
– Kelgusi yillarda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining qaysi yo‘nalishlari xalqlarimiz o‘rtasidagi yaqinlikni yanada mustahkamlaydi?
– Ta’lim, turizm va madaniyat aloqalari hamkorlikning uzoq muddatli ijtimoiy asosini tashkil etadi. Qo‘shma ta’lim dasturlari, universitetlar o‘rtasidagi almashinuv, ilmiy loyihalar va mutaxassislar tayyorlash yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Turizm sohasida tarixiy shaharlar, ziyorat maskanlari va madaniy meros ob’ektlarini birgalikda targ‘ib qilish orqali sayyohlar oqimini oshirish mumkin. To‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi kengayishi ham jarayonni qo‘llab-quvvatlaydi.
Menimcha, sheriklikning eng muhim jihati davlatlar va xalqlar hayotida aniq ifodalanishidir. Savdo va investitsiya yangi iqtisodiy imkoniyat yaratsa, ta’lim, turizm va madaniyat o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi. Ayni yo‘nalishlar bir-birini to‘ldirgan holda, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA