Ishchi guruh o‘rganishni davom etmoqda
Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi aholi muammolarini o‘rganish, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganmoqda.
Asosiy e’tibor jinoyatchilikni oldini olish dasturlarining ijrosi hamda aholining ishsizlik bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishda mahallabay tizimi asosida olib borilayotgan ishlarga qaratildi.

O‘rganish jarayoni viloyatning Mirzacho‘l tumanidagi “Mirzacho‘l agroprom” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.
Tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqaruvchi ushbu korxonada hozirda asosan 100 nafardan ortiq mirzacho‘llik xotin-qizlar mehnat qilmoqda. Loyiha doirasida bu yerda 240 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Korxonada ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar talab yuqori bo‘lganligi sabab to‘lig‘icha ichki bozorga yo‘naltirilgan.
Qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida xavfsiz muhitni yaratish va oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahalla va qishloqlarda shakllantirilgan beshlikning, ya’ni hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlikdagi faoliyatlari Mirzacho‘l tumani 3-sektor misolida o‘rganib chiqildi.

Shuningdek, Po‘lat Bobojonov – Do‘stlik tumanining “Sanoatchilar” MFYda barpo etilayotgan mikromarkazda ham bo‘ldi. Bu yerda 40 milliard so‘m mablag‘ evaziga 152 ta tadbirkorlik loyihasini hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Hududda chinni buyumlar, alyuminiy profilli eshik va deraza romlari, temir buyumlar, rotband yelimlari, shlanglar, shpatlyovka, profnastil, gulqog‘oz, sintepon, penoplast, tunukafon, sovun, chorva oziqasi kabi mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, inkubator, qushxona, paxta titish sexi, mol bozori faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Aholi bilan uchrashuvlarda bo‘lgan muloqotlar chog‘ida mazkur tadbirkorlik sub’ektlari joriy yilning aprel oyida ish boshlashi, natijada 500 kishining bandligi ta’minlanishi, yiliga 72 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanishi ta’kidlandi.
Vazir Do‘stlik tumani IIBda qurilish va obodonlashtirish ishlarining borishi bilan ham tanishdi. Tizim xodimlari uchun yaratilayotgan yopiq va ochiq sport maydonchalari ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 3-sektor shtabida ishchi guruh va murojaatchilar uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o‘rgandi. Yoshlarni hunarmadchilikka o‘rgatish maqsadida tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabida tashkil etilgan “Mini monomarkaz” faoliyati ishchi guruhga katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’lumot o‘rnida, mazkur markazda ta’lim muassasasining 50 nafar o‘quvchisiga duradgorlik, pazandalik, tikuvchilik, sartaroshlik kabi bir qator kasblar o‘rgatilmoqda. Shuningdek, ushbu markazda ingliz va fransuz tillari ham o‘qitiladi. Bundan tashqari, hududda 7 sotixlik issiqxona qurilgan hamda o‘g‘it tayyorlash yo‘lga qo‘yilganligi tahsinga loyiq.

Paxtakor tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘lami yildan-yilga ortyapti. Po‘lat Bobojonov bu boradagi ishlar bilan tanishish maqsadida “Paxtakor gold textile” MCHJga qarashli ip-kalava fabrikasida bo‘ldi. Ishchi-xizmatchilar bilan muloqot chog‘ida mazkur loyiha doirasida kelgusida yana 860 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ta’kidlandi. 2019 yilda faoliyat boshlagan korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilinmoqda.

Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi Respublika idoralararo ishchi guruhi Jizzax viloyatidagi o‘rganish ishlarini davom etirmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA