“Inson uchun” inklyuziv marafoni: tenglik va hamjihatlikka chorlov
Qashqadaryo viloyatida “Inson uchun” shiori ostida inklyuziv yugurish marafoni yuqori kayfiyat va ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda jami 300 nafarga yaqin ko‘rish, gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan, shuningdek, tayanch-harakat a’zolari cheklangan fuqarolar faol ishtirok etdi.
Marafon nafaqat sport musobaqasi, balki inson qadrini ulug‘lash, jamiyatda teng imkoniyatlar muhitini mustahkamlashga qaratilgan muhim ijtimoiy tashabbus sifatida ahamiyat kasb etdi. Turli yosh toifalari va imkoniyatlardan kelib chiqqan holda tashkil etilgan yo‘nalishlar ishtirokchilarga o‘z salohiyatini namoyon etish imkonini berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro qo‘llab-quvvatlash, hamjihatlik va iroda namunasini ko‘rsatdi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarning faolligi va intilishi barchaga ruhiy kuch bag‘ishladi. Bu esa jamiyatda nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan e’tibor va hurmatni yanada oshirishga xizmat qildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, turli toifalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, ular munosib rag‘batlantirildi. Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va diplomlar topshirildi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday tadbirlar aholining barcha qatlamlarini qamrab olgan holda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, ayniqsa, imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy hayotga faol jalb etishda muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, bu kabi tashabbuslar jamiyatda bag‘rikenglik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qayd etish joiz, yurtimizda “inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur marafon ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatli bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri