Inson huquq va manfaatlari doimo himoyada
Prezidentimizning 2018 yil 13 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra adliya organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri inson huquq va erkinliklarini ta’minlash hisoblanadi.
Surxondaryo viloyati Bandixon tumani adliya bo‘limi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor va shaxsiy qabullarda jismoniy va yuridik shaxslarning mavjud muammolarini qisqa muddatda hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, tumandagi “Polvontosh” mahallasida yashovchi fuqaro Ergashev Ne’matullo tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib tashkilotlarda amalda ishlagan bo‘lsada hujjatlardagi xatoliklar sababli 10 yildan ortiq davomidagi mehnat faoliyati fakti belgilanmaganligi va bu davr tuman byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi bo‘limi tomonidan inobatga olinmayotganini bildirib amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat Bandixon tumani adliya bo‘limi tomonidan o‘rganildi. Fuqaro Ergashev Ne’matulloning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, tuman adliya bo‘limining arizasi qanoatlantirilib fuqaro Ergashev Ne’matulloning Qiziriq tumani sobiq “Oybek” shirkat xo‘jaligida 1982 yildan 1992 yilga qadar mehnat faoliyatida bo‘lganlik fakti tasdiqlanib fuqaroning buzilgan huquqlari sud orqali tiklandi.
Shuningdek, tumandagi “Quduqsoy” MFYda yashovchi fuqaro Jo‘rayeva Jumagulning qonuniy egaligidagi tuman markazida joylashgan savdo do‘koni Qiziriq tuman hokimligi tomonidan bir necha yil oldin noqonuniy ravishda buzib tashlanganligi va ushbu do‘kon uchun kompensatsiya pullari bir necha marta murojaat qilgan bo‘lsada to‘lanmasdan kelayotganligi sababli kompensatsiya pullarini undirib berishni so‘ragan. Tuman adliya bo‘limi tomonidan mazkur murojaat o‘rganib chiqilib fuqaro Jo‘rayeva Jumagulning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra javobgar Qiziriq tuman hokimligidan da’vogar Jo‘rayeva Jumagul foydasiga 167 million 128 ming 786 so‘m kompensatsiya pullarini undirish belgilandi. Bundan tashqari, fuqaro Abdurahimov Abdurashidning manfaatini ko‘zlab sudga kiritilgan da’vo ariza qanoatlantirilib da’vogar Abdurahimov Abdurashidning foydasiga javobgar Qiziriq tuman hokimligidan 60 million 166 ming 895 so‘m kompensatsiya pullarini undirish belgilandi.
Adliya organlarining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini yetkazish, aholining huquqiy savodsizligini yo‘q qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdir.
Tuman adliya bo‘limi tomonidan ushbu yo‘nalishda ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumandagi sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda doimiy ravishda davlat organlari va tashkilotlarning xodimlari, shuningdek keng aholi o‘rtasida ularning huquqiy ongini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida huquqiy targ‘ibot tadbirlari amalga oshirimoqda.
Rustam Xurramov,
Bandixon tuman adliya bo‘limi boshlig‘i