Inklyuziv ta’limda xalqaro hamkorlik
Yurtimizda inklyuziv ta’limga bo‘lgan e’tibor yangi daraja kasb etmoqda. Bunda individual yondashuv muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olgan holda mutaxassislar malakasi ham muntazam oshirilmoqda. Sohada ilg‘or mamlakatlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorliklar esa o‘ziga xos tajriba maktabi bo‘lmoqda.
Shu maqsadda Ozarbayjondagi DOST Inklyuziv rivojlanish va ijod markazi bilan hamkorlik memorandumi doirasida Boku shahrida uchrashuv o‘tkazildi.


Uchrashuvda ijtimoiy himoya sohasida tajriba almashish, inklyuziv amaliyotlarni rivojlantirish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Dastur doirasida guruhli loyihalarni amalga oshirish va benefitsiarlar bilan ishlash jarayonlari bilan tanishish, ko‘ngillilar bilan ishlash bo‘limi faoliyatini o‘rganish, volontyorlikka nomzodlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, saralash va moslashuv (adaptatsiya) bilan bog‘liq o‘quv jarayonlari bilan tanishish rejalashtirilgan.


Ta’kidlanishicha, olingan tajriba O‘zbekistonda inklyuziv amaliyotlarni rivojlantirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishda qo‘llaniladi.
Sherbek Islomov, O‘zA